2025 dan xulosalar va 2026 uchun rejalar
O'tgan yili davomida kelgan xulosalarim:
1- Ishlarni shoshmasdan, siyqasini chiqarib bajarish. Koreyada 4 yil yashash/ishlash menga ancha ta'sir qilgan ekan. Buni ayniqsa ikki madaniyatlar ishlash tezligida his qildim. Daniyaliklar bilan ishlagan odamda birinchi bular chumoliday sekin ishlarkan, qachon bitiradi ishini degan fikr keladi va kareyslar bilan ishlash aksincha taasurot uyg'otadi. Ammo biz cheklangan mavjudotmiz, tez va tartibsiz ishlash oqibatida charchashimiz ehtimoli oshadi. Bu uzoq muddatda ishimizdan bezdiradi. Daniyada bir maqol bor: "Frihed under ansvar" ya'ni erkinlikka asoslangan javobgarlik. Bu ishchiga mustaqillik berish, unga ishonish, tenglik asosida ishlashni anglatadi. Men ishimdagi vazifalarim uchun vaqtni o'zimga qulay qilib tanlayman, kasal bo'lishim mumkinligi, oiladagi har xil xolatlar va kutilmagan vaziyatlarni hisobga olib uzoq deadline olinadi. Menejerlarning o'zi bunga davat qiladi kerak bo'lsa. Xullas, buni yaxshiroq o'rganishim kerak kelasi yillarda.
2- O'tgan yili 30 ta kitob o'qidim ammo tushundimki son emas sifat va amaliyot muhim ekan. Sodda aytganda o'qiyotgan kitobning ma'nosini chaqish kerak va uni amalda sinash kerak.
3- Sport bilan shug'ullanishda davomiylik super muhim. Ya'ni haftada 3 kun 7 km dan yugurish dam olish kuni jamlab 21 km yugurib qo'yaman deyishdan afzalroq. Chunki masofa birdan kattalashadi va dangasalik qo'zib qolib umuman yugurmaslikka olib kelishi mumkin.
4- Sayohat qilishda davom etish kerak. O'tgan yili bir nechta davlatlarga sayohat qildim lekin har safar yangi madaniyat, til, muhitga borsam vaqt sekinlashganday tuyuladi. Sayohat odamni shukr qilishga va kamtarlikka o'rgatadi deb o'ylayman. Chunki odamlarning ehtiyojlari o'xshash: yaxshi yeyish, kiyinish, dam olish va hk. Ammo makon turli xil va imkoniyatlar notekis taqsimlangan. Sizdagi kundalik imkoniyatlar millionlagan odamlar uchun orzu ekanligini ko'rib pastga tushishni o'rganasiz.
Bu yil yuqorida sanalgan nuqtalar ustida shoshmasdan ishlash yili bo'ladi. Diqqatni jamlab ishlay/o'qiy olish vaqtini uzaytirish, sport uchun ko'proq vaqt sarflash, qisqa lekin ko'proq sayohatlar qilish.
Yana bir narsa, men kanalda ko'p post yozmayapman sababi:
a) yozganlarimga o'zim amal qilishim kerak. Masalan marafon vaqtimni 10 minutga kamaytirish 2 balki 3 oy tinimsiz shug'ullanish talab qiladi. Kamroq gapirib ko'proq ishlash men uchun va o'qiyotgan odam uchun ham foydali deb o'ylayman.
b) o'qigan odamni ma'lumot bilan band qilib tashamaslik. Shundoq ham ko'pchilik ekranga bog'lanib borayotgan bir vaqtda telefonga kelgan xabarnomalar (agar o'chirib qo'yilmagan bo'lsa tavsiya qilaman) kishilarni chalg'itadi, va domino kabi birisi orqasidan ikkinchisiga ulanib ketadi. Miyamiz bir ma'lumot ustida yaxshiroq ishlaydi.
Kopengagen, Daniya
01.01.2026
Daniya kundaligi