Axir bizdagi stereotiplarga koʻra qiz bola doim aʼlochi boʻlishi shart, oʻgʻil bolalarga esa hammasi mumkin. "Yigitning bahosi uch". Men esa unchalik aʼlochi ham emasdim, ikkichi ham. Lekin ingliz tilini yaxshi koʻrganman. Har doim har qaysi ingliz tili ustozning "erkatoyi" boʻlganman. Bizda ingliz tili ustozlar har sinfda oʻzgarar edi.
Mendagi eng yomon voqealar beshinchi sinfdan boshlangan. Aniqrogʻi ular doim boʻlgan, men oʻshanda sezishni va oʻzimni yomon his qilishni boshlaganman. Mendagi doʻstga boʻlgan ehtiyoj meni yoʻq deya olmaydigan "mehribon"ga aylantirgan edi. Oʻzimning ehtiyojlarimdan kechgan holda ham kimdir yordam soʻrasa har doim qoʻlimdan kelgancha yordam berardim. Axir men ekstrovertman, menga doʻstlar, suhbatlar, odamlar davrasi kerak edi.
Bir voqeani hech qachon unutmasam kerak. Oltinchi yoki beshinchi sinf edim. Bizda bir qiz boʻlardi, men va mening yaqin doʻstim bilan birga yuradigan. Yaʼni mahallamizdagi beshinchi qiz. Biz besh kishi boʻlib birga ketsak-da dugona jihatdan uchlik edik. U qiz yo Tojik yoki Tatar boʻlgan. Sinfda millatchilik bor edi, oʻlay agar men tushunmasdim. Nima farqi bor buni? Xullas, oʻsha qizni hamma yomon koʻrar edi. U bilan doʻst boʻlganimiz uchun men va dugonamni ham. Aslida faqat meni. Chunki negadir dugonamni hamma yaxshi koʻrardi. U vazmin, tabiatdan sokin va chiroyli qiz boʻlgan. Oppoq,sochlari uzun va qalin, kipriklari ham juda uzun, kamgap. Lekin biz bilan boʻlganida gapdon va quvnoq qiz boʻlgan.
Oʻsha kuni sinf ichidagi mayda liderlar kelishgan holda oʻsha millati boshqa boʻlgan qizni ajratib qoʻyish haqida reja tuzishdi. Hamma rozi boʻldi, holbuki biz ham. Chunki guruhlar ichidagi liderga hamma boʻysunadi va unday qilmaganlar ham ajralib qolardi. U kelib salom berganida hech kim uning salomini olmasligi, unga eʼtibor bermasligi, unga bir ogʻiz gap gapirilmasligi haqida kelishildi.
Huddi shunday boʻldi. Oʻsha qizning yuz ifodasi butun umr meni taʼqib qilsa kerak. Tasavvur qiling-a? Ertalabdan yaxshi kayfiyatda maktabga kelib, qizlarga salom sifatida qoʻl uzatsangiz-u, hech kim uni olmasa. Yetmaganiga siz buning sababini bilmaysiz, chunki savol bersangiz hech kim javob bermayapti. Hamma sizdan bir deganda voz kechdi. Qanchalik ogʻir boʻladi, axir bola boʻlsak-da buni his qila olar edik...
Men oʻzimni juda yomon his qildim. Oʻsha qizni qattiq quchoqlab olgim keldi. U bizning uchlikdan edi-ku. Lekin qilmadim, chunki men ham huddi shu ahvolga tushishim mumkin edi va tushdim ham. Bu naqadar ogʻir ekanini yaxshi bilaman. Lekin eng alamlisi bu emasdi. Biz bir haftaga bormasdan oʻsha qiz bilan orani tikladik. Biz deganda bizning uchlikni nazarda tutyapman. Oʻsha millati boshqa boʻlgan qiz bilan yana gaplashib, doʻstlashib, birga yurishni boshlaganimizdan keyin tabiiyki sinfdagi oʻsha liderlar bizni ham ajratib qoʻydi. Aniqrogʻi men va millati boshqa boʻlgan qizni. Negadir oʻsha chiroyli dugonamni ham emas. Nega? Axir u ham gaplashyapti, doʻstlashyapti-ku u bilan.
Biz bilan hech kim gaplashmasdi, salomimizga alik olishmasdi, lekin unga nisbatan bunday qilishmasdi. U bilan hamma gaplashar, hamma uni yaxshi koʻrardi. Men ahmoq, qilmagan ishim uchun sinfdagi har bir qizdan kechirim soʻrab, men bilan gaplashishlarini iltimos qilganman. Oʻsha voqeani har gal eslaganimda oʻzimni oʻldirib qoʻygim keladi. Nega? Nima uchun kechirim soʻradim? Mening aybim nima edi? Millat ajratmaganimmi? Yoki chiroyli boʻlmaganimmi?
"Meni kechiring, yarashaylik." Umid bilan soʻraganman. Bizda sinfdosh qizlar oʻz yaqin dugonasidan boshqa qizlarni sizlab chaqirardi. Bu boshqalar nisbatan begona ekanini belgilash uchun.
"Yoʻq, yarashmayman."
"Nega? Nima qildim?"
"Oʻsha bilan yuravering, boʻldi, menga gapirmang."
Gapirmadim. Gapira olmadim. Lekin nega men? Axir u ham gaplashyapti-ku oʻsha millati boshqa boʻlgan qiz bilan. U ham birga yuribdi-ku. Lekin nega men? Nega uni ham ajratmayapsizlar? Nima uchun? Javob yoʻq. Aslida bor, faqat oʻzimiz bilmagan, tushunmagan javob. U chiroyli. Mendan koʻra. Oʻsha millati boshqa qizdan koʻra. Sinfdagi koʻpchilik qizlardan koʻra.