2-BOʻLIM. "Jismoniy ogʻriqdan ham ogʻriqliroq tuygʻular bor". Balki hammasi rostdan mening aybimdir... Bilmadim, axir bu bezoriliklarning ham javobini berish kerak-ku. Men oʻz oilamga zarar berganman axir. Bir voqea aniq esimda, maktabga chiqmasimdan oldinroq edi. Menda oz boʻlsa-da opalik masʼuliyati bor, har holda endi beshikni agʻdaradigan, yomonlik qiladigan odatim yoʻqolgan edi. Ukam oyimning qornida boʻlgan vaqtlar edi. Koʻchamizning narigi tarafida hovli uylar boʻlardi. Oʻsha paytlar biroz taʼmir talab boʻlgan. Koʻcha va hovlini ajratib turuvchi gʻisht devor unchalik baland emasdi. Bir kuni oʻsha devorda kichkina mushukchaning baland ovozini eshitdim. Qoʻrqqanidan qimirlamay miyovlardi. Devorning narigi tomonidagi hovlida kattakon qora it boʻlgan. Gap-soʻzlarga qaraganda qopqir, badjahl it ekan. Hamma undan qoʻrqarkan. Devorning koʻcha tarafi esa tekis yer, ostida anchagina shishalar sindirilgan. Mushukcha balki itning akillashidan qoʻrqib bir joyda miyovlab turgandir, bilmadim. Lekin men oʻsha devorga chiqdim. Gʻisht devor qalinligi olti yoshli bolakay emaklashi uchun yetarli holos, unchalik qalin emasdi. Oʻsha mushukchani olishni istadim. Ammo bu vaqt ichida meni koʻrgan qoʻshni opalar (ularning yoshi oʻn olti-oʻn yettilar atrofida edi adashmasam) koʻrgan voqealarini oyimga yetkazish uchun yugurishgan. Vahima qilib, baqirib, oyimni ham qoʻrqitgan. Kichkina qiz ingichka gʻisht devorda mushuk uchun yuribdi, oʻng tarafga yiqilsa, it gʻajib tashlaydi, chap tarafga yiqilsa shishalar kirib ketadi, degan xabar hammani ham qoʻrqitgan boʻlardi. Xullas oyim qoʻrqib, yugirib chiqqan, lekin zinadan yiqilib ketgan. Oʻsha paytda qornidagi ukamdan ayrilganman deb oʻylagan ekan. Men boʻlsam bunday palakatlardan doim omon chiqaman. Qanday qilib oʻsha gʻisht devor ustiga chiqqan boʻlsam, huddi shunday qaytib tushdim. Men bunaqa boʻlishini qayerdan bilibman. Oyimga doktor chaqirishdi. Ukamga unchalik zarar yetmabdi. Lekin muddatidan oldinroq tugʻiladigan boʻldi. Mening aybimmidi? Ha. Xullas, oʻshanda birinchi marta aybdorlik hissi meni egallab oldi. Albatta-da. Oʻsha voqeadan keyin jazolanmadim deb oʻylaysizmi? Jazo aniq esimda yoʻq, chunki menga jazolar endilikda jismoniy jihatdan ogʻriq bermay qoʻygan edi. Menga oyimning baqirishi va menga gapirgan gaplarini eshitishdan koʻra kaltak yeyish yaxshiroq edi. Ha, men abdor edim. Shak-shubhasiz. Maktabning birinchi kuni meni dadam olib bordi. Oʻzi koʻpincha maktab voqealari bilan dadam shugʻullanardi: majlis, tadbirlar degandek. Hatto "Alifbe" bayramimga ham dadam borgan. Chunki ukam tugʻilganidan keyin koʻp kasal boʻladigan, oyim ikkisi koʻp kasalxonaga tushib qoladigan boʻlishgandi. Balki bu ham mening aybim boʻlgandir, bunisini bilmayman. Boshlangʻich sinf sifatida hammasi yaxshi edi. Meni ikkida doʻstim boʻlgan. Lekin oʻsha vaqtlar men ortiqcha ekanimni sezmaganman. Balki buni sezish uchun kichkina boʻlganman. Uchlikda har doim uchinchisi ortiqcha boʻlgan mening fikrimcha. Beshinchi sinfga oʻtganimda doʻst almashinish va ikkitalik guruhlar paydo boʻlish jarayoni boshlandi. Bizdagi qizlar oʻrtasida gʻalati odat boʻlgan: bitta mahallada turadiganlar albatta yaqin doʻstlar. Bizning mahallamizda mendan tashqari uch kishi bor edi. Albatta ular bir-biri bilan juda yaqin, chunki ularning turadigan koʻchasi ham bir, meniki boshqa koʻcha. Aytgancha, biz u mahalladagi hovlilardan biriga ijaraga koʻchib oʻtgan edik. Yon qoʻshnimizning mendan ikki yosh kichik qizi boʻlgan. Oʻsha qiz bilan juda yaqin doʻst, opa-singil boʻlib ketganmiz. Mening bitta va yagona yaqin doʻstim. Yaxshi va yomon kunimda birga boʻlgan yagona sirdoshim. Aytganimdek, endi bu mahallada toʻrtta qiz boʻlgani uchun biz doʻstlar edik. Maktabda negadir meni unchalik ham yoqtirishmas edi, ayniqsa oʻgʻil bolalar. Buni sababini boshida bilmaganman. Balki men oʻta ekstrovert, hamma bilan tez chiqishib keta oladigan, gapdon va shoʻx qiz boʻlganim uchundir... Aslida shunchaki men boshqa qizlar kabi chiroyli emasdim. Balki sinfimizdagi eng xunuk qiz boʻlgandirman. Aʼlochi ham emasdim.
2-BOʻLIM. "Jismoniy ogʻriqdan ham ogʻriqliroq tuygʻular bor". Balki… — ✎𝑾𝒐𝒓𝒍𝒅 𝒐𝒇 𝑫𝒂𝒔𝒉𝒂 ♡ — TG.ME
October 2, 2025 1.2K 2 1