Missis Braun kechki ovqatni suzib, bolalarga tarqatdi. Ular endigina ishtaha bilan ovqatlanishga kirishisharkan, missis Braun har xil dakkilari bilan ularning asabiga tegishni boshladi.
– Ovqatlanayotganda chapillatib yeyish odobdan emas, Aurelius. Klara, raguni non bilan yesang, sal to’yimliroq bo’ladi. Azizim, sen esa chashka tagiga salfetka qo’yishni unutding.
– Kechirasan azizam, bugun ishlar bilan bo’lib juda charchagan ko’rinaman. Salfetkani uzatib yubora olasanmi?
– Albatta, azizim. Xo’sh, sobiq merdan qancha meros qoldi? Bolalarga qarab turishga biror oila topildimi?
– M-menimcha hozir bunaqa mavzular haqida gaplashishga unchalik ham mos vaqt emas, azizam… Bolalar hali ham bobosining vafotidan o’zlariga kela olishgani yo’q.
– Ming bor uzr so’rayman, bolalar. Ba’zida qiziquvchanlikdan nima deyotganimni o’zim ham bilmay qolaman. Lekin bilib qo’ying, nima ko’ngilsizlik bo’lishidan qat’iy nazar, oilamizning eshigi sizlar uchun doimo ochiq. To’g’rimi, azizim?
– A-albatta… Azizam, menimcha bolalar charchadi. Balki uxlash uchun xonasini ko’rsatib qo’yarsan?
– Lekin hali ovqatlanib bo’lganimiz yo’q-ku? – so’radi Aurelius.
– E haa… Rostan ham ishda charchagan ko’rinaman. Azizam, balki unda sen uxlashga yotarsan?
– Sen charchagan bo’lsang nega endi men yotishim kerak? Men mehmonlarimiz bilan suhbatlashib, ko’nglini ko’tarmoqchiman. To’g’rimi, bolajonlar?
– Bunga hojat yo’q, - dedi Klara, – O’zimizni yaxshi his qilyapmiz.
– Nima ham derdim, unda taomdan lazzatlanishda davom etamiz. Yana bir bor yoqimli ishtaha, bolajonlar…
Zerikarli va noqulay o’tgan kechki ovqatdan so’ng missis Braun bolalarni ikkinchi qavatga olib chiqib, xonalarini ko’rsatdi. Xona devorlari har xil dinozavrlar, raketalar va jilmayib turgan quyosh surati bilan bezatilgan bo’lib, allaqachon eskirib, suratlarning rangi o’chib ketgandi.
– Bu xonada avval…
– Voyaga yetib ulgurmay vafot etgan farzandingiz turgan, – missis Braunning gapini tugatib qo’ydi Klara.
– Shunday. Erim aytib berishga ulgurdimi, deyman. Mayli, sizlarni yolg’iz qoldiraman. Agar sovuq qotsangiz, sandiqchada ko’rpa bor. Xayrli tun, bolalar…
– Xayrli tun, missis Braun. Mehribonchilingiz uchun rahmat, – tashakkurlik bildirdi Ollini ko’tarib turgan Aurelius.
Krovat faqat bittaligi uchun Aurelius va Olli yerda yotishdi. Lekin toki yarim tungacha ham uxlay olishmadi. Soatning mash’um chiqillashidan boshqa hech qanaqa ovoz eshitilmasdi. Taxminan ikki soatlardan keyin Aurelius sukunatni buzib, savol berdi.
– Hali uxlamadingmi?
– Yo’q, - qisqa javob qildi Klara.
– Nima deb o’ylaysan, missis Braun…
– Unga pulimiz kerak. Farzandidan ajralgani uni birdan yaxshi qilib qo’ymaydi.
– Demak bu yerda qolishni xohlamaysanmi?
– O’zing xohlagan bo’larmiding? Mister Braun hattoki qarindoshimiz ham emas.
Olli Klaraning gapini ma’qullab, vovillab qo’ydi. Unga Braunlarning mushugi yoqmagani aniq edi.
– Shunchaki xayolimga keltirdim, xolos…–dedi Aurelius, – Umuman olganda, hayot adolatsiz. Biz ota-onaga zor bo’lib o’sganmiz, Braunlar esa farzandsiz yashashgan.
– Bu ularni birdan bizga mos ota-ona qilib qo’ymaydi. Hayot esa aslida adolatli. Chunki u hammaga adolatsiz. Demak balans qaysidir ma’noda saqlanadi.
– Agar bobomiz vafot etishini avvalroq bilganingda, unga nima degan bo’larding? – so’radi Aurelius mavzuni o’zgartirib. Klara biroz o’ylanib turdi-da, Aureliusga teskari tarafga o’girilib olib dedi:
– Xayrli tun.
Suhbatdan qochishning eng oson usuli yoki mavzuni almashtirish, yoki xayrlashish. Klara odatda hissiyotlarini ko’rsatishga qiynaladi. Ko’rsatishga to’g’ri keladigan paytlarda esa suhbatdan qochadi. Bobosidan ayrilish unga ham og’ir ta’sir qilgani aniq. Yaqin odamining endi yo’qligini bilish, chorasizlik, ochko’z uy bekasi, soatning asabga tegib chiqillashi… Sizlarni ishontirib ayta olishim mumkin-ki, ushbu mash’um kun Abigeyllar bundan keyin boshidan kechirgan kunlar ichida eng tinch va sokini edi.
Ertalab mister Braun bolalarni nonushtaga uyg’otdi. Missis Braun pishloq va qo’ziqorinli omlet tayyorlagandi.