KETRİN WOLF VA SO'NGGİ OLİSHUV
264-qism.
Zindonning zax havosi Jastinning o‘pkasini kuydirayotgandek edi. Ammo uning azobi jismoniy og‘riqdan emas, balki qalbini kemirayotgan noma’lumlikdan edi. Uning ko‘zlari... avvalgi moviy rangini yo‘qotib, endi qip-qizil qon rangiga kirib borardi. Bu o‘zgarish uning ichidagi yirtqich uyg‘onayotganidan darak berardi.
— Zerikib qolmadingmi, shaxzodam? — degan ovoz eshitildi va temir eshik g‘ichirlab ochildi. Ostonada Vampirlar otasi viqor bilan turardi. Uning qo‘lida yana o‘sha la’nati qadah bor edi.
— Yo‘qol ko‘zimdan! — o‘kirardi Jastin. U zanjirlarini uzishga harakat qilar, ammo bu zanjirlar oddiy temirdan emas, qadimiy afsun bilan yasalgan edi.
— Bunchalar qo‘pol bo‘lma. Men senga sovg‘a olib keldim, — dedi Vampirlar otasi istehzo bilan kulib. U qo‘lidagi aso bilan devorning bir qismiga ishora qildi. Tosh devor xuddi erib ketgandek g‘oyib bo‘ldi va o‘rnida qalin, shaffof to‘siq paydo bo‘ldi.
Jastin ko‘rgan manzarasidan nafasi ichiga tiqilib qoldi.
— KETRIN!
Narigi xonada, sovuq tosh ustida Ketrin yotardi. Uning rangi dokadek oqarib ketgan, lablari yorilgan, har doim hayotbaxsh porlab turadigan ko‘zlari yarim yumuq edi. Qizdan yaqinda qon olingani bilinib turar, yara joyidan hali ham qon sizib turardi.
— Uni nima qilding, iflos?! — Jastin bor kuchi bilan shaffof devorga o‘zini urdi. Mushtlari bilan devorni urarkan, ko‘zlaridagi qizillik yanada alanga oldi.
— Hozircha tirik, — xotirjam javob berdi Vampirlar otasi, qadag‘idagi suyuqlikni chayqatib. — Lekin bu uzoqqa cho‘zilmasligi mumkin. Uning qoni... mmm, juda mazali va kuchli. Lekin u ovqat yemayapti, suv ichmayapti. U sekin-asta so‘nib boryapti, Jastin. Xuddi sham kabi. Ammo buni sen tuzatishing mumkin - deya Vampirlar otasi qo'lidagi qon qadahini Jastinga uzatdi.
Ketrin Jastinning ovozini eshitdi chog‘i, zo‘rg‘a boshini ko‘tardi. Uning nigohlari Jastinning qizarib ketgan ko‘zlariga tushdi. U Jastinning holatini ko‘rib, o‘z og‘rig‘ini unutdi.
— Jastin... — pichirladi u, ovozi zo‘rg‘a eshitilarli darajada. — Ichma... Menga qara... O‘zingni yo‘qotma...
— Ko‘ryapsanmi? U senga qayg‘uryapti, — dedi Vampirlar otasi Jastinning qulog‘iga egilib. — Agar sen menga bo‘ysunsang, mening aytganimni qilsang, men unga shafqat qilishim mumkin. Unga ovqat beraman, davolayman. Hamma narsa sening qo‘lingda. Yoki o‘z g‘ururingni deb uning o‘limini tomosha qilasanmi?
Jastin ikkilamchi holatda qoldi. Bir tomonda o‘z erkiga bo‘lgan nafrat, ikkinchi tomonda jonidan ortiq sevgan insonining hayoti. U Ketrining ko‘zlariga qaradi. Qiz boshini ohista chayqab, "Yo‘q" ishorasini qilardi. Ammo Jastin uning qiynalishiga chiday olmasdi.
ROBERTNING UYI.
Elion yana bezovta bo‘lib uyg‘ondi. Tushida o‘sha mashum qasr, onasining qichqirig‘i va Ketrinning so‘nggi nigohi namoyon bo‘lgandi.
— Elion, tinchlan, — Albert uning peshonasidagi sovuq terni artdi.
Xonaga Robert kirib keldi. Uning yuzida charchoq va chuqur qayg‘u aks etgandi.
Robertni ko'rgan Elion yig'lab yubordi.
— Men sababchi bo‘ldim. Ketrin meni deb u yerda qoldi. Men... men qanday yashayman endi? - qiz yig'lashda davom etardi.
Robert kelib, Elionning boshini siladi.
— O‘zingni ayblama, qizim. Ketrin o‘z tanlovini qildi. U har doim boshqalarni o‘zidan ustun qo‘ygan. Lekin biz taslim bo‘lmaymiz.
Shu payt pastdan, mehmonxonadan shovqin eshitildi. Kimdir kelgandi.
Robert va Albert pastga tushishdi. Eshik oldida Akademiya direktori Alek va yana ikki kishi turardi. Bular – afsonaviy beshlikning qolgan a'zolari: Suv unsuri vakilasi Bell Blueston, havo unsuri vampiri Diego Oliviera, yer unsuri vakilasi Aylin Radriges va olov unsuri vampiri Filipp Westy edi.
— Biz xabarni eshitdik, Robert, — dedi Filipp, mushtini tugib. — Ketrinni u yirtqichning qo‘lida qoldirmaymiz.
— Ammo vaziyat og‘ir, — dedi Alek jiddiy ohangda. — Vampirlar otasi juda kuchli qadimiy himoya afsunini ishga tushirgan. Saroyga kirishning deyarli imkoni yo‘q. Faqat bitta yo‘l bor, lekin u juda xavfli.