1-BOʻLIM. "Yosh bolada ham hissiyotlar boʻladi, bilsangiz agar..." Men u voqeani umuman eslay olmayman. Bu tabiiy, chunki oʻsha vaqtda juda kichkina edim. Ota-onamdan eshitganlarim boʻyicha men boshqa bolalarga nisbatan tezroq yurishni boshlaganman. Tugʻilganiga olti oy boʻlgan goʻdakning yura olishini tasavvur qila olasizmi? Qiyin, toʻgʻrimi? Men ham ishonmagan boʻlardim agar ular menga kichkinalgimda olingan fotosuratlarni koʻrsatishmagunicha. Erta yurishni oʻrgangan boladan ham qiyinroq muammo bormikin? Bir joyda turmaydigan oyoqlarim oyimning aytishicha ancha muammolarga meni boshlab borgan. Oʻsha kun ham har doimgi oddiy kunlardan farq qilmasdi. Koʻp qavatli uylarda ijara bilan yashardik. Oʻsha kuni dadam sotuvchini kutayotgan edi. Negadir u kechikardi. Biz uy sotib olmoqchi edik. Oyim doimgidek oʻyin maydonchasida mendan koʻz uzmay oʻtirardi. Bilardiki agar bir zumga eʼtiboridan chetda qolib ketsam, olti oylik oyoqchalarim bilan katta muammolarni boshlashim mumkin edi. Va bu sodir boʻldi... Meva-cheva sotib yuradigan kichik mashina baland ovozda signal chalgancha koʻp qavatli binolar orasiga kirib keldi. Barcha ayollar kabi mening oyim ham olma sotib olish uchun bordilar. Bu uzoq vaqt emasdi. Atigi bir necha daqiqalar... Bu daqiqalar ichida qilgan xatoyim butun unrimga taʼsir qilishini goʻdak miyam qayoqdan ham bilsin. Oʻyin maydonchasida baland narvon oʻyingohi bor edi. Goʻdak oʻsha narvonga chiqa olishini tasavvur qila olasizmi? Eng uchiga chiqib, teskari oʻgirilishga harakat qilayotgan vaziyatnichi? Oyim ulgurmadi. U aybdor emas, maydoncha uzoqroqda edi. Mening qoʻllarim sirgʻalib ketdi va narvondan yiqildim. Yuzim bilan. Oyimning aytishiga qaraganda qattiq yigʻlagan ekanman. Chunki narvon tagida bir nechta oʻtkir toshlar boʻlgan va mening burnim hamda usti labimni sindirgan ekan. Oʻsha kuni uy sotib ola olmadik. Chunki oʻsha pullar mening operatsiyam uchun sarflandi. Uy sotuvchining kechikishi bekorga boʻlmagan. Bu voqea boshidan taqdirimga yozilgan. Tasodiflar ajoyib, toʻgʻrimi? Zudlik bilan qilinishi kerak boʻlgan operatsiya uchun qon donor kerak edi. Lekin oʻsha paytda hali qon guruhi oʻlchaydigan asboblar u kasalxonaga hali yetib kelmagan ekan. Shuning uchun hech qanday tekshiruvlarsiz dadamning qonini menga quyishgan. Aslida bu unchalik qoʻrqinchli emas, axir dadam bilan qonimiz shak-shubhasiz bir xil. Oʻsha voqeadan keyin mening yuzimda nuqson "paydo boʻldi." Singan burunni tiklash qiyin, suyak qoʻyish uchun hali juda kichkinalik qilardim. Shuning uchun bir tomoni qiyshiqroq edi. Va uski labimda chok izi ham qoldi. Bundan tashqari tagʻnagimda kichik teshikcha ham. Unchalik dahshatli izlar emas, deyarli bilinmasdi. Umuman, "nuqson bor" deyish darajasida emasdi yuzim. Shunday qilib men bu nuqson bilan yashashda davom etdim. Aqli kirmagan, oʻta ketgan shoʻx, bir joyda turmaydigan, doim muammolarga oʻralashib yuradigan qiz. Yuzimdagi oʻsha nuqsonni toki bolalar bogʻchasiga bormagunimcha sezmaganman. Men uchun bu normal edi, toki oʻsha laqabni eshitmagunimcha. "Qiyshiq". Xunuk eshitiladi, toʻgʻrimi? Menga ham yoqmaydi, huddi tamgʻaga oʻxshaydi. Bogʻchada ham juda yomon qiz boʻlganman. Faqat ogʻil bolalar bilan oʻynardim. Qizlar zerikarli edi. Xonadan chiqmay, faqat qoʻgʻirchoq oʻynashardi. Shuni nimasi qiziq? Oʻgʻil bolalar esa mazza qilib tashqarida quvlashmachoq oʻynashardi. Men ham ular bilan oʻynardim. Lekin bu bogʻcha opamga yoqmasdi. Men qiz bolaman va qizlar bilan oʻynashim kerak edi. Nihoyat u meni majburlab oʻsha xonaga tiqishga muvaffaq boʻldi. Mening birinchi noqulay sukutim. Umrimda birinchi marta oʻzimni ortiqcha his qilgan kunim. Aniq esimda, hamma qizlar dugona edi, mendan boshqa. Men shunchaki burchakda oʻtirgan holda ularni tomosha qildim. Qoʻgʻirchoq oʻynash unchalik ham zerikarliga oʻxshamasdi. Qizlarga yaqinlashdim. Chin dildan qiziqdim.
1-BOʻLIM. "Yosh bolada ham hissiyotlar boʻladi, bilsangiz agar..."… — ✎𝑾𝒐𝒓𝒍𝒅 𝒐𝒇 𝑫𝒂𝒔𝒉𝒂 ♡ — TG.ME
September 22, 2025 624 1 2