Qoʻshilsam maylimi?" Lekin javob men kutgandek emasdi. Albatta-da… — ✎𝑾𝒐𝒓𝒍𝒅 𝒐𝒇 𝑫𝒂𝒔𝒉𝒂 ♡ — TG.ME

✎𝑾𝒐𝒓𝒍𝒅 𝒐𝒇 𝑫𝒂𝒔𝒉𝒂 ♡1-BOʻLIM. "Yosh bolada ham hissiyotlar boʻladi, bilsangiz agar..." Men u voqeani umuman eslay olmayman. Bu tabiiy, chunki oʻsha vaqtda juda kichkina edim. Ota-onamdan eshitganlarim boʻyicha men boshqa bolalarga nisbatan tezroq yurishni boshlaganman. Tugʻilganiga…
"Qoʻshilsam maylimi?" Lekin javob men kutgandek emasdi. Albatta-da, oʻgʻil bolalar bilan shuncha paytdan beri oʻynab, endi ularning "tinchini buzish uchun" kelganman-ku axir. Men yoʻq javobga koʻnamanmi? Men-a? Istagani doim muhayyo boʻlgan shoʻx va erkatoy qiz? Yoʻq. Men axir bezori edim. Hammasini buzdim. Qoʻgʻirchoqlarini tortib olib, tana qismlarini ajratib tashladim. Oʻshanda birinchi marta tamgʻamni eshitdim.
"Oʻgʻil bolalar bilan oʻyna, Qiyshiq!" U yigʻlab baqirdi. Yosh bolalar isterikasi. Lekin menda hech qachon boʻlmagan. Men umuman yigʻlash nimaligini bilmasdim. Majoziy maʼnoda.
Tushunmadim. Qiyshiq? Nega? Nima qiyshiq? Shunchaki hayron boʻlib uning yigʻlashini kuzatdim. Nega endi qiyshiq? Oʻshanda uning nimani nazarda tutganini bilmagan edim. Bogʻcha opam keldi. Uni ovutdi. Umuman hamma qizni ovutdi, mendan boshqa. Axir men yigʻlamasdim. Men aybdor edimmi?
Vaziyatni soʻramasdan meni burchakka turgʻazib qoʻydi. Zerikarli jazo. Oʻsha kundan boshlab bu soʻzga koʻp eʼtibor beradigan boʻlib qoldim. Uch yoshli bola refleksimi? Qayerda shu soʻzni eshitsam oʻsha qizning yigʻisi miyamga kelardi. Keyinchalik qanday qilib, bilmadim, lekin bu laqab ommalashib ketdi. Meni koʻpchilik shunaqa ataydigan boʻldi. Men tushunmaganim uchun javob qaytara olmasdim.
Nihoyat savollar miyamni yeb bitirmasidan oldin tinchgina dadamdan soʻrashga qaror qildim. Bu menga odat boʻlib qolgandi. Nima boʻlishidan qatʼiy nazar, eng ahmoqona savollarni ham dadamdan soʻrardim. Chunki dadam oyimdan farqli oʻlaroq judayam sabrli, mehribon, erinmasdan hammasini tushuntirib berardigan odam. Oyim boʻlsa jizzaki, undan koʻp kaltak yeganman.
"Nimaga meni hamma qiyshiq deyapti?" Gap boshladim. Hammasini aytdim. Oʻsha paytdagi dadamning yuz ifodasini eslolmayman. Uch yosh boʻlgan vaqtlarim unchalik yodimda emas. Asosiysi men endi nima uchun bu tamgʻani menga qoʻyishganini bilardim. Oʻsha kuni juda koʻp martalab oynaga qaraganim esimda. Naqadar xunuk. Endi u menga ham bilinar edi. Chok izidan qolgan chaqmoq belgisi labimning bir tomoni va bir burnimni biroz qiyshoqroq qilib qoʻygan edi. Bittasi aylana, bittasi uchburchakka oʻxshardi. Xunuk... Juda xunuk koʻrinar ekan. Nega oldin eʼtibor bermaganman?
Dadamning oʻshanda aytgan gaplari aniq esimda.
"Agar yana birortasi seni shunaqa chaqirsa, qoʻrqmasdan yuziga musht tushur. Oʻzim javob beraman."
Va men ham aynan shunday qilganman. Oʻgʻil bolani urganman. Burni qonagan. Bu tamgʻadan borgan sari nafratlanib ketardim. Zoʻravonlik, kuch ishlatish yoʻliga oʻtib olganimdan keyin hech kim menga yaqinlashmay qoʻydi. Men yolgʻiz qolib ketdim. Bir oʻzim. Men bilan hech kim oʻynamasdi. Hamma mendan qochardi yoki qoʻrqardi. Mendek gapdon, oʻyinqaroq qiz birdan yolgʻiz qolib ketsa gʻalati boʻlar ekan. Huddi eʼtibordan chetda qolgan buyumdek. Shuning uchun ham zoʻravonlikni oshirdim. Shunday qilsamgina menga eʼtibor berishardi. Toʻgʻri, bogʻcha opamdan koʻp kaltak yerdim, hatto qoʻllarimni karovatga bogʻlab qoʻyardi. Lekin yolgʻizlikdan koʻra shu yaxshiroq edi. Men yigʻlamaganman. Battar qilganman va battar jazolanganman. Hammasi mening aybimmidi?
Toʻrt yoshga toʻlganimda oilamizda kutilmagan oʻzgarish paydo boʻldi. Kichkina qizcha qayoqdandir kelib qoldi. Uyga mehmonlar toʻlib ketdi. (Aytgancha, biz haliyam ijarada yashardik, axir meni deb qancha pul yoʻqotishdi). Nega hamma shu chaqaloqqa yopishib oldi? Kim u oʻzi? Bir paytlar men yotgan beshikka qoʻyishdi. Oyimni mazasi yoʻq edi. Negadir qoʻrqdim. Oldingi oyimdek emasdi. Chaqaloqni deb shunday boʻldimi? Nega oyim kasal, lekin hamma xursand? Ular menga qizchani singlim deb tanishtirishdi.
Bir necha xaftada hammasi oʻzgardi. Endi oyimni istagan vaqtim quchoqlay olmasdim. Chunki uning qoʻllari doim band. Oʻsha "singil" oyimni qoʻlidan tushmasdi. Hatto beshlikda boʻlsa ham oyim uni yonidan ketmasdi. Tebratardi. Borgan sari uni yomon koʻra boshladim. Oʻsha paytlar dadam chet elga ishlash uchun ketardi. Agar uyda boʻlganida balki bunaqa gʻalati tugʻuni his qilmagan boʻlarmidim. Bu mening ilk rashkim edi.
❤9🔥4💔2❤‍🔥1✍1💯1
September 23, 2025 587 2