Talqinlarning obyektivligi
2/2
Lekin bu yerda yana bir muammo bor. Inson faqat talqin qilmaydi, u o'z talqinini haqiqat deb ham qabul qiladi. Biz deyarli hech qachon o'zimizga: "Bu mening talqinim", demaymiz. Aksincha: "Haqiqat shunday", deymiz. Aslida esa ongimiz juda kam hollarda obyektiv ishlaydi. U dalillarni yig'ishdan ko'ra, oldindan ishongan narsamizni tasdiqlaydigan dalillarni izlashni yaxshi ko'radi. Agar inson o'zini omadsiz deb hisoblay boshlasa, u keyinchalik sodir bo'ladigan har bir muvaffaqiyatsizlikni shu fikrning isboti sifatida ko'radi. Muvaffaqiyatlarini esa tasodif deb o'tib ketadi. Agar o'zini qobiliyatli deb hisoblasa, xuddi shu hodisalarni vaqtinchalik to'siq sifatida talqin qiladi. Hodisalar o'zgarmaydi, ularni tanlayotgan ong o'zgaradi.
Bu faqat o'zimiz haqimizdagi talqinlarda emas, boshqalar haqidagi hukmlarimizda ham sodir bo'ladi. Kimnidir bir marta yolg'on gapirganini ko'rsak, "u yolg'onchi", deymiz. Bir marta qo'pollik qilganini ko'rsak, "u tarbiyasiz", deymiz. Biror muvaffaqiyatini ko'rsak, "unga omad kulib boqibdi", deymiz. Biror xatosini ko'rsak, "aslida o'zi shunaqa", deymiz. Go'yo birgina hodisa orqali butun insonni tushunib olgandek bo'lamiz. Vaholanki, biz ko'rgan narsa uning hayotidan bir necha daqiqa, bir necha soat yoki bir necha vaziyat xolos. Qolgan minglab hodisalarni esa umuman bilmaymiz. Shunga qaramay, ongimiz bo'sh joyni taxminlar bilan to'ldirib, o'sha taxminlarni haqiqat sifatida qabul qiladi.
Balki shuning uchun ham odamlarni tushunish juda qiyin. Chunki biz ularning o'zini emas, ular haqidagi hikoyamizni ko'ramiz. Kimdir bizga yoqsa, uning xatolariga bahona topamiz. Kimdir yoqmasa, uning yaxshi tomonlarini ham shubha bilan qabul qilamiz. Bir xil hodisani ikki xil odam haqida butunlay boshqacha talqin qilishimiz mumkin. Demak, muammo ko'pincha hodisada emas, hodisani kuzatayotgan ongdadir.
Men haqiqatni ko'ryapmanmi yoki faqat o'zim yozgan hikoyani? Chunki insonning eng katta aldovi boshqalarni aldashi emas, o'zini aldashidir. O'zini aldagan odam esa bunga yolg'on deb qaramaydi. U buni haqiqat deb yashaydi. Balki intellektning eng muhim belgisi ko'p kitob o'qish ham, murakkab fikrlar aytish ham emasdir. Balki u o'z talqinidan shubhalana olish qobiliyatidir. "Men xato fikrlayotgan bo'lishim mumkin", degan jumla zaiflik emas. Aksincha, u haqiqatga eng yaqin olib boradigan eshiklardan biridir.
Obyektivlik hissiyotdan voz kechish emas. Obyektivlik - hissiyot bilan hukmni bir-biridan ajrata olishdir. Men xafa bo'lishim mumkin. Men qo'rqishim mumkin. Men umidsizlikni his qilishim mumkin. Lekin bundan "demak, vaziyat yomon", degan xulosa avtomatik ravishda kelib chiqmaydi. Xuddi shuningdek, kimdir menga qo'pol muomala qilgani ham uning yomon inson ekanini isbotlamaydi. Kimdir meni maqtagani esa uning har doim samimiy ekanini anglatmaydi. Hodisalar dalil bo'lishi mumkin, lekin hukm chiqarish uchun ular ko'pincha yetarli emas. Hissiyotlar haqiqiy. Ammo ular har doim ham haqiqatni ifodalamaydi. Ular faqat ichimizda nima kechayotganini ko'rsatadi. Tashqarida nima bo'layotganini esa alohida tekshirish kerak.
Balki insonning eng og'ir mehnati ham shu - o'z fikrlariga qarshi dalil izlash. Chunki boshqalarning xatosini topish oson, o'zingning talqiningni sud qilish esa nihoyatda qiyin. Biz ko'pincha odamlarni ular qilgan ishlar bilan emas, o'zimiz ular haqida tuzgan xulosalar orqali baholaymiz. O'sha xulosalar esa ko'pincha to'liq ma'lumotga emas, parchalarga tayanadi. Ammo aynan o'z talqinlarini qayta-qayta tekshirish odati insonni asta-sekin voqelikka yaqinlashtiradi. Chunki haqiqat bizning fikrimizga moslashmaydi. Biz fikrlarimizni haqiqatga moslashtirishni o'rganishimiz kerak.
@Qudrat