Kristofer Nolanning yaqinda kinoekranlarga chiqqan “Odisseya” filmini ko’rdim. Filmda bitta jumla alohida e’tiborimni tortdi: “O’zingga ravo ko’rmagan narsani boshqalarga ham ravo ko’rma.”
Filmda Odissey bu fikrni oddiy axloqiy tavsiya sifatida emas, balki deyarli qonun darajasiga ko’taradi. Eng muhimi, u boshqalardan talab qilayotgan narsaga avvalo o’zi amal qiladi.
Aretologik nuqtayi nazardan qaraganda, bu tamoyil insoniyat uchun eng zarur axloqiy prinsiplardan biri. Chunki adolat, ishonch, sadoqat va hurmatning deyarli barchasi aynan shu bitta g’oyaning turli ko’rinishlaridir. Men ham bu fikrga qo’shilaman.
Lekin orqamga, atrofimga, jamiyatga qarayman… Va men uchun juda g’alati bo’lgan manzarani guvohi bo’laman.
O’zing tanqidni ko’tarolmaysan, lekin boshqalarni bemalol tanqid qilasan. O’zing mutlaqo radikalsan, lekin boshqalardan bag’rikenglik talab qilasan. O’zing yolg’on gapirasan, lekin odamlardan mutlaq rostgo’ylik kutasan.
O’zing g’irt o’tkinchisan, lekin senga nisbatan cheksiz sadoqat bo’lishini xohlaysan. O’zing kechirishni bilmaysan, lekin seni hamma tushunishini kutasan.
Shunday misollarni davom ettiraversang, bitta emas, bir nechta daftar to’ladi.
Paradoks shundaki, inson ko’pincha boshqalarga qo’yayotgan axloqiy talablarini o’ziga nisbatan qo’llamaydi. Xuddi o’zi uchun boshqa qonun, boshqalar uchun esa boshqa qonun mavjuddek. Naqadar absurd.
Ba’zan o’ylab qolaman, buning sababi nimada? Inson o’zini yetarlicha anglamagani uchunmi? Yo’q.
Menimcha, muammo bundan ham chuqurroq. Inson boshqalarni tahlil qilishga sarflaydigan vaqtining juda oz qismini o’zini tahlil qilishga sarflaydi. Biz boshqalarning xatolarini juda aniq ko’ramiz, lekin o’z xatolarimizni ko’rish uchun zarur bo’lgan ichki masofani hosil qila olmaymiz. Chunki ego doimo o’zini oqlash bilan band bo’ladi. Natijada boshqalarga nisbatan talabchan, o’zimizga nisbatan esa nihoyatda bag’rikeng bo’lib qolamiz.
Balki axloqning haqiqiy mezoni ham shu yerdadir. Sen boshqalardan nimani talab qilyapsan, avvalo o’sha narsa o’zingda mavjudmi?
Menimcha, inson aynan shu savolga samimiy javob bera olgan kunidan boshlab haqiqiy ma’noda axloqiy kamolot sari harakat qiladi.
@islom_nurmurod