Yo'ldagi bitiklar | Javokhir Makhkamov: post #1093 — TG.ME

MEN KIMNIDIR KUTAMAN MAHZUN,

Men kimgadir yig‘lamog‘im shart,
Tanholik-la turibman o‘zim,
Mening bilan birgina zulmat.

Yiroqlarda ingranar List ham,
Qulog‘imga bo‘zlaydi Furqat.
Huzurimga chiqmas bir odam,
Men baribir kutgayman faqat.

O‘ksib-o‘ksib axtaraman nur,
Qorong‘uda bo‘lgayman ado.
Qo‘ng‘iroqlar jarangi kelur,
Qanday mash’um bu go‘zal sado.

Shilliqurtday to‘lg‘anar ariq,
Suyanaman badburush tolga,
Osmon yuzi shundayin sariq,
Sovuqlikni qaylardan olgan?

Kular-da va qalqib borar oy,
Kimni aldab, balqib borar oy –
Tevarakda kecha qorasoch.

Men kutgayman, eltmas uyqu,
Men kimgadir yig‘lamog‘im shart.
Ayting, nechun tashlab ketdi u,
Nechun tashlab ketdi muhabbat?

Tugab borar tun yanglig‘ toqat,
Saharlarga bergayman hisob.
Qayga ketdi, qayga muhabbat?
Yuragimda muqaddas azob.

Rauf Parfi, 1965
🔥9❤2👍1👌1
August 7, 2026 436 3 2