Sizlar ham e’tibor berganmisizlar, ba’zan odam bizdan oddiygina bir narsani so‘raydi, lekin biz unga oddiygina javob bermaymiz. Savolga javob berish o‘rniga o‘zimizni oqlaymiz, himoya qilamiz yoki savolning o‘ziga achchiqroq ohangda javob qaytaramiz. Eng qizig‘i, buni ko‘pincha o‘zimiz sezmaymiz ham.
“Bu ish nima bo‘ldi?” degan savolga “Men qo‘limdan kelganini qilyapman-ku” deymiz. “Gaplashdingizmi?” desa, “Gaplashmasam shu yerda o‘tirarmidim?” degandek javob beramiz. Do‘stimiz “Nega kecha yozmading?” desa, shunchaki “Vaqtim bo‘lmadi” deyish o‘rniga “Menda sendan boshqa qiladigan ish yo‘qmi?” deb yuborishimiz mumkin. Uyda ham, ishda ham, do‘stlar orasida ham shu holat uchraydi.
Aslida esa savol bilan hujum bir xil narsa emas. Odam “nima bo‘ldi?” deb so‘ragan bo‘lsa, bu hali “sen hech narsa qilmading” degani emas. “Gaplashdingmi?” degani ham “sen ishni bajarmaysan” degani emas. Lekin bizning miyamiz ba’zan oddiy savolning ichidan ayblov, shubha yoki nazoratni topib oladi. Shunda javob berishdan oldin o‘zimizni himoya qilishga tushamiz.
Nega bunday bo‘ladi? Balki oldin ko‘p tanqid eshitganmiz, balki savolni nazorat sifatida qabul qilishga o‘rganib qolganmiz, balki o‘zimizni doim oqlashimiz kerakdek his qilamiz. Ba’zan esa bu shunchaki muloqotdagi odatga aylanib qoladi. Odam biror narsa so‘raydi, biz esa javob berishdan oldin “men aybdor emasman” degan pozitsiyani egallab olamiz.
Men oxirgi vaqtlarda buni o‘zimda ham payqay boshladim. Va o‘zimni o‘zgartirishdan boshlashga qaror qildim. Chunki biror “kasallik”ni davolashdan oldin uning borligini tan olish kerak. Eng osoni boshqalarning achchiq gapini ko‘rib, “odamlar nega shunaqa?” deyish. Qiyinrog‘i esa o‘zimizning javoblarimizga qarash.
Yana bir oddiy mezon bor: men kimgadir oddiy savol berganimda achchiq qilib javob qaytarsa, bu menga yoqmaydi. Unda nega men boshqalarga xuddi shunday javob berishim kerak? Agar o‘zimga nisbatan yoqimsiz bo‘lgan muloqot uslubini boshqalarga qo‘llayotgan bo‘lsam, demak muammo faqat ularda emas.
Shuning uchun hozir o‘zimga bitta oddiy qoida qo‘yishga harakat qilyapman: avval savolga javob berish, keyin kerak bo‘lsa tushuntirish. “Ha, gaplashdim.” “Yo‘q, hali qilganim yo‘q.” “Vaqtim bo‘lmadi.” “Bugun tugataman.” Bo‘ldi. Savolga javob berish uchun o‘zimizni himoya qilishimiz shart emas.
Albatta, hamma savol tergovsiz ohangda bo‘lavermaydi. Ba’zan odam ataylab bosim qiladi, ayblaydi yoki hurmatsiz ohangda gapiradi. Bunday vaziyatda chegaramizni bildirishimiz mumkin. Lekin oddiy savolni hujumga aylantirib, keyin o‘zimizni himoya qilish - ko‘pincha o‘zimiz yaratgan konflikt.
Menimcha, muloqotdagi ko‘p narsalarni o‘zgartirish uchun avval boshqalardan boshlash shart emas. Ba’zan bir hafta davomida o‘zimizning javoblarimizni kuzatishning o‘zi yetadi.
Savol berilganda men haqiqatan javob beryapmanmi yoki o‘zimni himoya qilyapmanmi?
Menimcha, shu savolning o‘zi ham ko‘p narsani o‘zgartirishi mumkin.
@Qudrat
August 20, 2026 140