Davomi
Ikkinchi, Saudiya Arabistoni bilan bevosita harbiy qarama-qarshilikning kengayishi. Agar Husiylar Saudiya hududidagi energetika obyektlari, portlar yoki neft eksport infratuzilmasiga zarbalarni kuchaytirsa, Ar-Riyodning javob harakatlari ham kengayishi ehtimoli ortadi. Sharq-G‘arb neft quvuriga qilingan dron hujumi va uning vaqtincha to‘xtatilishi bu xavfning amaliy ko‘rinishi bo‘ldi.
Bunday holatda mojaro Yaman hukumat kuchlari va Husiylar o‘rtasidagi ichki frontdan chiqib, Husiylar-Saudiya harbiy qarama-qarshiligiga aylanadi. Saudiya havo kuchlarining Bab al-Mandabga yaqin hududlarga zarbalari kuchayishi, Husiylarning esa bunga javoban Saudiya hududidagi strategik obyektlarga raketa va dron hujumlarini ko‘paytirishi mumkin.
Bu ssenariyning asosiy xavfi – zarbalar geografiyasining tez kengayishidir. Ayniqsa energetika infratuzilmasiga katta zarar yetishi Ar-Riyodni cheklangan operatsiyalardan kengroq harbiy kampaniyaga o‘tishga majbur qilishi mumkin.
Uchinchi, AQShning bevosita harbiy aralashuvi. Hozircha bu ssenariyning ehtimoli past, ammo muayyan harbiy omillar yuzaga kelsa, xavf keskin oshadi. Bunday triggerlar qatoriga AQSh harbiy kemalariga hujum, amerikalik harbiy xizmatchilar orasida katta talafot yoki xalqaro kemachilikka qarshi ommaviy hujumlar natijasida Bab al-Mandabdagi navigatsiyaning amalda izdan chiqishi kiradi.
Bunday vaziyatda AQShning javobi qirg‘oqdagi Husiylar raketa pozitsiyalari, radarlar, dron bazalari va qo‘mondonlik obyektlariga qarshi havo-dengiz zarbalari shaklida bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, AQSh uchun keng ko‘lamli quruqlik operatsiyasiga kirishdan ko‘ra, masofadan turib zarba berish va dengiz kommunikatsiyalarini himoya qilish strategik jihatdan ancha maqbul ko‘rinadi.
Shuning uchun AQShning harbiy ishtiroki kuchaysa ham, dastlabki bosqichda asosiy formula “quruqlikdagi urush emas, masofaviy harbiy bosim” bo‘lishi ehtimol yuqori.
To‘rtinchi, “ikki bo‘g‘oz urushi”ning yagona mintaqaviy frontga aylanishi. Bunda Hormuz va Bob al-Mandabdagi qarama-qarshiliklar bir-biridan alohida emas, balki yagona zanjir sifatida harakat qiladi: Eron Hormuz orqali bosimni kuchaytirsa, Husiylar Bob al-Mandabni yopadi, mintaqadagi eronparast guruhlar esa Saudiya Arabistoni va AQSh manfaatlariga qarshi qo‘shimcha zarbalar beradi.
Mazkur vaziyatda Saudiya Arabistoni, AQSh va boshqa ittifoqchilar tomonidan javob harakatlarining kengayishi ehtimoli ortadi. Natijada Yaman, Qizil dengiz, Fors ko‘rfazi va Iroq bir-biriga bog‘langan yagona harbiy makonga aylanishi mumkin.
Harbiy nuqtai nazardan aynan shu ssenariy eng katta xavfni anglatadi. Chunki har bir tomon alohida frontda cheklangan operatsiya olib borayotgan bo‘lsa ham, ularning umumiy ta’siri mintaqaviy eskalatsiyaning zanjirli mexanizmini yaratadi.
Umuman olganda, hozirgi vaziyatda eng ehtimolli yo‘nalish – Husiylarning Bab al-Mandabdagi harbiy pozitsiyalarini mustahkamlab, selektiv dengiz bosimini davom ettirishidir. Biroq vaziyatning keskin burilish nuqtasi ikkita omilga bog‘liq bo‘ladi: Saudiya energetika infratuzilmasiga katta zarar yetkazuvchi hujum yoki AQSh harbiy kuchlariga bevosita zarba.
Agar shunday trigger yuzaga kelsa, Bab al-Mandabdagi mojaro Yaman doirasidagi lokal qarama-qarshilikdan chiqib, Eron-AQSh–Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi kengroq mintaqaviy harbiy qarama-qarshilikning yangi frontiga aylanishi mumkin.
Shu sababli Bab al-Mandab ustidan nazorat uchun kurashning haqiqiy strategik qiymati hududning o‘zida emas. Asosiy masala – ushbu tor dengiz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan harbiy, energetik va savdo oqimlarini kim nazorat qila olishi. Zamonaviy mintaqaviy urushlarda aynan mana shu nazorat tobora kuchli strategik qurolga aylanmoqda.
Strategic Focus: Central Asia