O‘rta davlat” sindromi: Turkmanistondan Markaziy Osiyoga signalmi?… — Strategic Focus: Central Asia — TG.ME

“O‘rta davlat” sindromi: Turkmanistondan Markaziy Osiyoga signalmi?

News Central Asia saytida T.Saidining xalqaro munosabatlarda tobora ko‘proq ishlatilayotgan “o‘rta davlat” (middle power) tushunchasi tanqidiy tahlil qilingan maqolasi chiqdi.
 News Central Asia (nCa) – bosh ofisi Pokistonda, tahririy faoliyati esa Turkmanistonda olib boriladigan axborot-tahliliy nashr.

Saidi fikricha, “o‘rta davlat” maqomi xalqaro miqyosda rasman belgilanmagan bo‘lib, ko‘p jihatdan davlatlarning o‘zini o‘zi shu maqomda namoyon etishiga asoslanadi. Bunday yondashuv ayrim hollarda “o‘rta davlat sindromi” ni yuzaga keltirishi mumkin, deb yozadi muallif.
 
Ekspertga ko‘ra, davlatning xalqaro maydondagi diplomatik ambitsiyalari bilan mintaqadagi qo‘shnilar manfaatlari o‘rtasida ziddiyatlarni kuchaytirishi mumkin. Davlat o‘zini mintaqaviy kuch yoki alohida geosiyosiy markaz sifatida ko‘rsatgan sari, qo‘shni mamlakatlar buni yetakchilik emas, balki mintaqada o‘ziga xos ierarxiya o‘rnatishga urinish sifatida qabul qilishi mumkin.
 
T.Saidining ta’kidlashicha, buning natijasida qo‘shni davlatlar o‘z tashqi aloqalarini diversifikatsiya qilishga, muqobil sheriklar izlashga va ayrim hollarda mintaqaviy tashabbuslarni alohida shakllantirishga intilishi mumkin.
 
Shuningdek, bir nechta davlat bir vaqtning o‘zida yuqori mintaqaviy maqomga da’vogarlik qilgan sharoitda transport yo‘laklari, infratuzilma loyihalari, savdo va xavfsizlik tashabbuslari hamkorlik vositasidan ta’sir va nufuz uchun raqobat maydoniga aylanishi mumkinligi qayd etilgan.
 
Mazkur yondashuv Markaziy Osiyo uchun ham e’tiborga molik. Qozog‘iston va O‘zbekiston xalqaro maydondagi o‘z rolini “o‘rta davlat” konsepsiyasi orqali tobora faolroq talqin qilayotgan bir paytda, Turkmaniston nashrida aynan ushbu konsepsiyaning ehtimoliy salbiy oqibatlari haqida fikr bildirilishi mintaqadagi “o‘rta davlatlar”ga bilvosita signal sifatida ko‘rilishi mumkin.
 
T.Saidi ilgari surayotgan asosiy g‘oya: xalqaro maydondagi nufuzning ortishi mintaqada boshqa davlatlardan ustun siyosiy maqomga da’vogarlik qilishni anglatmasligi kerak. Aks holda, mintaqaviy liderlikka intilish integratsiyani kuchaytirish o‘rniga, qo‘shni davlatlarning o‘zaro va tashqi kuchlar bilan aloqalarini diversifikatsiya qilishiga hamda Markaziy Osiyoda fragmentatsiya jarayonlarining kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Strategic Focus: Central Asia
❤9🔥8💯5
September 18, 2026 2.2K 18