Davomi
Endi esa masalaning eng muhim geosiyosiy qismiga o‘tamiz – Xitoy.
Xitoy iste’mol qiladigan neftning taxminan 73% import hisobiga to‘g‘ri keladi. Import qilinadigan neftning qariyb 53% Yaqin Sharqdan keladi. Bundan tashqari, urushdan oldin Venesuela va Eron Xitoy uchun nisbatan arzon neftning muhim manbalari bo‘lgan. Venesuela neft eksportining 85%, Eron eksportining esa 90% Xitoyga yo‘nalgan.
Shuning uchun Hormuz ustidan nazorat masalasi Eron bilan tugamaydi. Agar ushbu strategik yo‘lakdagi barqarorlik buzilsa, eng katta tashqi ta’sirlardan birini Osiyo, ayniqsa Xitoy his qiladi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Eron AQSh va Xitoy o‘rtasidagi katta strategik raqobatning muhim geosiyosiy maydoniga aylanmoqda.
Buni sanksiyalar geografiyasining kengayishidan ham ko‘rish mumkin. AQSh Eron neftini sotib olayotgan Xitoy kompaniyalariga qarshi ikkilamchi sanksiyalarni kuchaytirmoqda. Demak, iqtisodiy bosim faqat Tehronga qaratilmayapti. U Eron bilan savdo qilayotgan uchinchi tomon kompaniyalariga ham ta’sir qilmoqda. Natijada mojaroning iqtisodiy fronti Eron chegaralaridan chiqib, Xitoy iqtisodiyotiga ham kirib bormoqda.
Ammo bu bosim Xitoyni hozircha tizimli inqirozga olib kelgani yo‘q. 2026-yilning dastlabki besh oyida Xitoy neft importi qariyb 5% kamaygan, biroq Pekinning bunga qarshi muhim himoya mexanizmlari mavjud. Xitoyning strategik va tijoriy neft zaxiralari 1 milliard barreldan oshadi. Bundan tashqari, muqobil logistika kanallari va “soya floti” orqali neft tashish davom etmoqda.
Yana bir muhim raqam bor: Eron nefti Xitoyning umumiy energiya balansida atigi 2% ulushga ega. Shuning uchun Pekin uchun Eron neftining yo‘qolishi qisqa muddatda halokatli zarba emas. Ammo masala faqat Eron neftining o‘zida emas. Asosiy xavf – Yaqin Sharqdagi butun energetik ta’minot tizimining beqarorlashuvidir.
Shu sababli 2026-yil kuzidagi vaziyatni men 3 ta parallel front orqali baholagan bo‘lardim.
Birinchisi – harbiy front. Сheklangan zarbalar va Eronning harbiy infratuzilmasiga bosim davom etishi mumkin.
Ikkinchisi – iqtisodiy front. Bu sanksiyalar, neft eksportini qisqartirish va tankerlar faoliyatiga bosim orqali amalga oshiriladi.
Uchinchisi esa eng muhim front – geosiyosiy front. Ya’ni AQSh va Xitoy o‘rtasidagi strategik raqobat. Eron bu uchala yo‘nalish kesishgan nuqtaga aylanmoqda.
Shu sababli kuz uchun eng ehtimoliy ssenariy sifatida to‘liq urushni emas, boshqariladigan qarama-qarshilikni taxmin qilishimiz mumkin. Vashington uchun noyabrdagi saylovlar oldidan katta quruqlik urushiga kirish siyosiy jihatdan xavfli. Shuning uchun cheklangan zarbalar, yangi sanksiyalar, neft eksportiga bosim va tankerlar atrofidagi operatsiyalar davom etishi ehtimoli yuqori.
Bunday sharoitda Brent nefti kuz oylarida 90–120 dollar oralig‘ida qolishi mumkin. Albatta, bu qat’iy prognoz emas. Hormuzdagi vaziyat, Eronning javob harakatlari yoki yangi yirik hujumlar narxni bundan ham yuqoriga olib chiqishi mumkin.
Shunday qilib, bugungi mojaroning mohiyatini faqat “AQSh Eronga qarshi urush olib bormoqda” degan formula bilan tushuntirish yetarli emas. Mojaro bir vaqtning o‘zida uchta maqsad atrofida shakllanmoqda: Eronning harbiy va iqtisodiy imkoniyatlarini cheklash, global neft oqimlariga ta’sir qilish va Xitoyning energetik xavfsizligiga bosim o‘tkazish.
Shuning uchun asosiy savol ham o‘zgaradi. Masala endi faqat Eron taslim bo‘ladimi yoki yo‘qmi, degan savolda emas. Asosiy savol – Vashington Tehronni zaiflashtirish orqali Pekinning strategik imkoniyatlarini ham qisqartirmoqchimi?
Agar javob ha bo‘lsa, unda Eron atrofidagi mojaro oddiy Yaqin Sharq urushi emas. Bu AQSh va Xitoy o‘rtasidagi global raqobatning energetik frontidir. Va bu o‘yinda Eron eng ko‘zga tashlanayotgan figura bo‘lishi mumkin. Ammo taxtaning narigi tomonida ancha katta o‘yinchi – Xitoy turibdi.
Strategic Focus: Central Asia
6
4
2September 8, 2026 2.1K 6