Yoʻqchilik kelganda....
Dardini birovga aytmas botinib
Har ne koʻrgulikni yutar ichiga
Sizdan nima koʻrdim derkan xotini
Yoʻqchilik kelganda yigit kishiga
Nomardlar hayotdan beradilar dars
Holingdan kimgadir qilolmaysan arz
Itdan ham bir suyak boʻlarkansan qarz
Yoʻqchilik kelganda yigit kishiga
Davralar toʻrida topilmaydi joy
Koʻksingni moʻljallab tortadilar yoy
Minnatli suzilar bir piyola choy
Yoʻqchilik kelganda yigit kishiga
Uyqusiz tunlar xoʻp toldirar oʻyga
Qarasang farzandlar ulgʻayib qoʻygan
Xuddi begonadek kirasan uyga
Yoʻqchilik kelganda yigit kishiga
✍️✍️✍️ Ulugʻbek Saloh