Bugun mustaqillik kuni. 35ga kirdik. Endi yosh Respublikamiz deb… — Allaev Uz — TG.ME

Bugun mustaqillik kuni. 35ga kirdik. Endi yosh Respublikamiz deb aytolmaymiz. 10 yilda yopiq, dunyodan uzilgan davlatdan o‘ziga xos muammolariga ega, yaxshi va yomon tomonlari bor normal davlatga aylandik. Bu bilan sizni tabriklayman. Biz o‘z taqdirini qo‘lga olgan, o‘z muammolari bilan kurashayotgan, eskilarini yechib, yangilariga duch kelayotgan mamlakatmiz. Tug‘ilish va tiriklik oliy ne’mat bo‘lganidek, mustaqillik oliy ne’mat. Hammamizga haqiqiy bayram muborak. Yashasin Respublika! Yashasin O‘zbekiston!

Mani anchadan beri ko‘p o‘ylantirgan boshqa bir narsa haqida mulohaza qilmoqchiman. Vatanparvarlik nima? Sovet ittifoqi ta’siri bo‘lsa kerak, vatanparvarlik vatanni sevish haqida baland gapirish ustida qurilgan. Urush zamonida urush iqtisodiyoti ustida qurilgan yovuz imperiyada vatanparvarlikni ko‘rsatishning eng zo‘r yo‘li vatan uchun jon berish deb ko‘rilgan. Undan yengilroq keysda biror borada olamshumul narsa qilib, hammani lol qoldirish bilingan. Islom Karimov davrida ham vaziyat unchalik o‘zgarmadi. Vatanni sevish haqida bong urishni bo‘lsa yaxshilab eplashdi. Ayblamayman, zamon shunaqa bo‘lgan.

Lekin, aslida vatanparvar bo‘lish nima deyishsa, man bayroq ko‘tarib baland gapirgandan ko‘ra, vatanni yaxshiroq bo‘lishiga hissa qo‘shish deb bilaman. Vatanparvar odam davlatni, hukumatni yoki jamiyatdagi hamma narsani so‘zsiz ma’qullashi shart emas. Aksincha, kamchilikni ko‘rib turib sukut qilish emas, uni tuzatishga urinishi ham vatanparvarlik. Vatanparvar inson shu mamlakatda nimanidir yaxshiroq bo‘lishiga doimiy hissasini qo‘shadi.

Shundan kelib chiqsak:

- Oilaparvar, oilasi yaxshiroq yashashiga erishgan odam vatanparvar

- Bir sohada haqiqiy mutaxassis bo‘lib, o‘sha soha yaxshiroq bo‘lishiga hissa qo‘shgan odam vatanparvar

- Halol bo‘lgan, shu vatandagi boshqa insonlarga yomonligi tegmagan, qonun doirasida yashagan odam vatanparvar

- Bilim, biznes, ish o‘rni, madaniyat, asar yaratgan odam vatanparvar

- Keyingi avlodga bugungidan kuchliroq jamiyat qolishiga hissa qo‘shgan odam vatanparvar

- Mamlakatdagi yoki jamiyatdagi kichik bo‘lsa-da muammoni olib chiqqan, vaziyatni yaxshilanishiga xizmat qilgan odam vatanparvar

- Jamiyatdagi ijtimoiy hayot yaxshilanishiga, jamiyatda birdamlik rivojlanishiga hissa qo‘shgan odam vatanparvar

Shu uchun haqiqiy vatanparvar bo‘lish uchun oilangizni yaxshiroq qilishingiz, o‘z ishingizda yaxshiroq bo‘lishingiz, jamiyatga va tabiatga foyda keltirishingiz yetarli. Shu sizni haqiqiy vatanparvar qiladi. Qichqirib, sher o‘qib, ko‘ksiga urish emas. Hammamizga vatan rivojiga hissa qo‘shish, o‘zimizdan yaxshiroq vatan qoldirish nasib qilsin.

Bayram muborak, yurtdoshlar.

Yashasin Respublika! Yashasin O‘zbekiston!

© Rasm Uzreportdan olindi.
❤22👍13👎3😁2
September 1, 2026 1.1K 8