Andijon davlat pedagogika institutida ekologik madaniyatni yuksaltirish, qog‘oz sarfini kamaytirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan “Qog‘ozsiz bir kun” ekoaksiyasi tashkil etildi.
Mazkur aksiya doirasida institutning professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari hamda ishchi-xodimlari faol ishtirok etib, kundalik faoliyatda qog‘ozdan foydalanishni qisqartirish, hujjatlar almashinuvini elektron shaklda amalga oshirish va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borildi.
Shuningdek, aksiya davomida elektron hujjat aylanish tizimidan foydalanish, ortiqcha chop etishlarning oldini olish, resurslarni tejash hamda ekologik mas’uliyatni oshirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi.
Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida ekologik tafakkurni shakllantirish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatni kuchaytirish va “yashil makon” g‘oyalarini keng targ‘ib qilish muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Mazkur ekoaksiya orqali institut jamoasi atrof-muhitni asrash, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy va tejamkor boshqaruv tizimini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.










