Hurmatli ustozlar, aziz talabalar, qadrli hamkasblar!
Siz azizlarni, sizlar orqali barcha yurtdoshlarimizni xalqimiz hayotidagi eng ulug‘ va eng qadrli sana — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Mustaqillik — xalqimizning asriy orzu-intilishlari ro‘yobga chiqqan, milliy davlatchiligimiz, o‘zligimiz, sha’n-u g‘ururimiz qayta tiklangan buyuk tarixiy ne’matdir. Aynan istiqlol tufayli xalqimiz o‘z taqdiri va kelajagini o‘zi belgilash, erkin va farovon hayot barpo etish, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini tiklash hamda uni kelajak avlodlarga munosib yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘tgan 35 yil davomida mamlakatimiz ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Yurtimiz qiyofasi tubdan yangilandi, xalqimizning dunyoqarashi va tafakkuri yuksaldi, ta’lim, ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat hamda ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Bugun Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borilayotgan yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari va ezgu tashabbuslar zamirida inson qadri, xalq farovonligi va kelajak avlodlar taqdiri mujassam. Ayniqsa, yoshlarning zamonaviy bilim olishi, o‘z iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yurtimizning ertangi kuniga bo‘lgan yuksak ishonchning yorqin ifodasidir.
Aziz do‘stlar!
Andijon davlat pedagogika instituti jamoasi ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik jarayonlarining faol ishtirokchisi sifatida ta’lim sifatini yuksaltirish, zamonaviy pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy salohiyatni oshirish va yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelmoqda.
Institutimizda yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, xalqaro hamkorlikning kengayib borayotgani, ilmiy-tadqiqot faoliyatidagi yutuqlar, professor-o‘qituvchilarimizning fidoyiligi hamda talabalarimizning respublika va xalqaro miqyosdagi muvaffaqiyatlari barchamizga faxr va g‘urur bag‘ishlaydi.
Aziz talabalar! Sizlar — Yangi O‘zbekistonning ertangi kuni, Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichlarga olib chiqadigan bilimli, tashabbuskor va vatanparvar avlodsiz. Sizlarning har bir yutug‘ingiz, har bir ezgu tashabbusingiz va bilim yo‘lidagi intilishingiz yurtimiz kelajagiga qo‘shilgan munosib hissadir.
Shu qutlug‘ ayyomda barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka, oilaviy baxt va farovonlik tilayman. Ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi barcha ezgu ishlaringizda yangi zafarlar hamroh bo‘lsin!
Yurtimiz osmoni hamisha musaffo, xalqimiz tinch va farovon, mustaqilligimiz esa abadiy bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi barchamizga muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
RASULOV Baxtiyor Mahmudjonovich
Andijon davlat pedagogika instituti rektori





