Hurmatli Mirishkor tumani aholisi, aziz tumandoshlar!
Yurtimizda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, hududlarda jinoyatchilikning, xususan, o‘g‘rilik va firibgarlik kabi huquqbuzarliklarning oldini olish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki har bir fuqaroning ham mas’uliyatli munosabatini talab etadi.
Afsuski, ayrim hollarda fuqarolarning loqaydligi yoki ehtiyotsizligi sababli jinoyatchilar uchun qulay sharoit yuzaga kelmoqda. Oddiy ehtiyot choralariga amal qilish esa ko‘plab noxush holatlarning oldini olishi mumkin.
Shu munosabat bilan barcha tumandoshlarimizni quyidagi masalalarga jiddiy e’tibor qaratishga chaqiraman:
• Xonadon, omborxona, molxona va boshqa yordamchi xo‘jalik binolarining eshiklarini ishonchli qulflang;
• Qimmatbaho buyumlar, pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklarni ochiq yoki begona shaxslar ko‘rishi mumkin bo‘lgan joylarda saqlamang;
• Xonadonlaringizni imkon qadar videokuzatuv, signalizatsiya va boshqa zamonaviy xavfsizlik vositalari bilan jihozlang;
• Hovli va xonadon atrofining, ayniqsa, tungi vaqtda yetarli darajada yoritilishiga e’tibor qarating;
• Notanish yoki shubhali shaxslar, transport vositalari yoxud g‘ayrioddiy holatlarga duch kelganingizda befarq bo‘lmang va bu haqda tegishli organlarga xabar bering;
• Telefon orqali yoki internet tarmog‘ida turli va’dalar bilan pul yoki shaxsiy ma’lumotlaringizni qo‘lga kiritishga urinayotgan shaxslardan ehtiyot bo‘ling;
• Qo‘ni-qo‘shnilar bilan hamjihatlikni mustahkamlab, mahalladagi xavfsizlik masalalariga birgalikda mas’uliyat bilan yondashing.
Aziz tumandoshlar!
Xavfsiz mahalla — avvalo, ogoh va mas’uliyatli fuqarolardan boshlanadi. Har birimiz o‘z xonadonimiz, mahallamiz va atrofimizdagi muhit xavfsizligiga befarq bo‘lmasak, ko‘plab jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishimiz mumkin.
Sizlarni hushyorlikni yanada kuchaytirishga, qonun talablariga rioya etishga va shubhali holatlarga loqayd bo‘lmaslikka chaqiraman.
Tinchlik va osoyishtalikni asrash — barchamizning umumiy vazifamiz. Keling, Mirishkorimizni yanada tinch, osoyishta va xavfsiz hududga aylantirish yo‘lida hamjihatlik bilan harakat qilaylik.
Hurmat bilan,
Sardor Nazarov
Mirishkor tumani prokurori


