Barchangizni xalqimiz uchun eng ulug‘ va eng aziz bayram — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman!
Bugun davlatimiz rahbari tomonidan ta’limga qaratilayotgan yuksak e’tibor, maktabgacha va maktab ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida ham ulug‘ bir maqsad mujassam — farzandlarimizning baxtli kelajagini ta’minlash, ularni bilimli, mustaqil fikrlaydigan, Vatan taqdiriga daxldor avlod etib tarbiyalash.
Hurmatli ustozlar!
Har bir farzandning qalbida ilmga mehr uyg‘otish, uning iste’dodini yuzaga chiqarish, hayotda o‘z yo‘lini topishiga ko‘maklashishdek ulug‘ vazifani sidqidildan ado etib kelmoqdasiz. O‘quvchilarimizning har bir yutug‘ida sizning bilimingiz, sabr-toqatingiz va fidokorona mehnatingiz bor. Buning uchun barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Aziz o‘quvchilar!
Sizlarning har bir yutug‘ingiz biz uchun quvonch va faxrdir. Bugun olayotgan bilimingiz, qilayotgan izlanishlaringiz va oldingizga qo‘yayotgan maqsadlaringiz ertaga nafaqat o‘z hayotingizni, balki Vatanimiz kelajagini ham belgilaydi. O‘z kuchingizga ishoning, bilim olishdan va izlanishdan hech qachon to‘xtamang.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini, albatta, barchamiz birgalikda yaratamiz!
Aziz yurtdoshlar!
Shu qutlug‘ ayyomda har bir xonadonga tinchlik, fayz-u baraka va farovonlik tilayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Hurmat bilan,
E’zoza Karimova
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri
