Davomi
2026-yildagi Eron urushi Turkiyaning xavfsizlik hisob-kitoblariga qo‘shimcha bosim kiritgan. Anqara nuqtai nazaridan, Eronning yadro quroliga ega bo‘lish ehtimoli Yaqin Sharqda yangi qurollanish poygasini yuzaga keltirishi mumkin.
Eron tomonidan Turkiya tomon yo‘naltirilgan raketa hujumlari haqidagi xabarlar esa Anqarada “NATO a’zosi bo‘lgan davlatga bunday tahdid yuzaga kelishi mumkin emas” degan avvalgi tasavvurlarga zarba berdi.
Bunga Isroilning yadroviy salohiyati va mintaqadagi yadroviy nomutanosiblik haqidagi turk qarashlari ham qo‘shilmoqda.
Anqara uchun asosiy muammo - ayrim davlatlarning yadroviy salohiyati mavjud bo‘lsa-da, boshqalarga nisbatan qat’iyroq tarqatmaslik talablari qo‘llanayotganiga oid uzoq yillik e’tirozlarning qayta kuchayishi.
Bundan tashqari, AQSh-Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi fuqaroviy yadro hamkorligi bo‘yicha kelishuv va Saudiya hududida uranni boyitish imkoniyatining muhokama qilinishi Turkiya uchun yana bir signal sifatida ko‘rilmoqda.
Bu yerda Turkiyaning mavjud salohiyatini uning siyosiy ritorikasidan ajratish muhim. Turkiyada atom energetikasi va ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi shakllanmoqda, mamlakat bir nechta atom elektr stansiyalarini qurishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Ankara uzoq masofali raketa dasturini rivojlantirmoqda.
Biroq mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada hozircha uranni sanoat miqyosida qazib olish va konversiya qilish, uranni boyitish yoki ishlatilgan yadro yoqilg‘isini qayta ishlash bo‘yicha zarur infratuzilma mavjud emas.
Ayniqsa, Akkuyu AESning Rossiyaning Rosatom kompaniyasi ishtirokidagi build-own-operate modeli Turkiyaning qisqa muddatda mustaqil yadro salohiyatini shakllantirish imkoniyatlarini cheklaydi. Stansiyaning loyihalashtirilishi, qurilishi, ekspluatatsiyasi va yoqilg‘i ta’minotining katta qismi Rossiya nazoratida qolmoqda.
Shu sababli, Turkiyani yaqin istiqbolda yadro quroliga ega bo‘lish arafasidagi davlat sifatida baholash uchun asos yetarli emas.
Ekspertlar mamlakatning mustaqil yadro qurolini ishlab chiqara olishiga kamida yana o‘n yil kerakligini qayd etmoqdalar.
Shu bilan birga, Turkiyaning atom energetikasi sohasidagi uzoq muddatli rejalari strategik ahamiyatga ega.
Anqara AQSh, Kanada, Fransiya va Janubiy Koreya bilan yangi AESlar bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Baykar kompaniyasining kichik modulli reaktorlar texnologiyasiga kirishi ham Turkiyaning yadro sohasida mahalliy kompetensiyalarni kengaytirishga intilayotganini ko‘rsatadi.
Kanada bilan CANDU reaktorlari bo‘yicha ehtimoliy hamkorlik ayniqsa e’tiborga loyiq. Bunday reaktorlar tabiiy urandan foydalanishi mumkinligi sababli boyitilgan yoqilg‘iga tashqi qaramlikni kamaytiradi. Shu bilan birga, CANDU texnologiyasi ishlatilgan yoqilg‘idan plutoniy olish uchun potensial imkoniyatlarni yaratishi mumkin.
Biroq bu holatning o‘zi Turkiya yadro quroli yaratish yo‘lidan ketayotganini anglatmaydi: buning uchun ishlatilgan yoqilg‘ini qayta ishlash kabi Turkiyada hozircha mavjud bo‘lmagan qo‘shimcha imkoniyatlar talab etiladi.
Umuman olganda, Turkiyaning yadro siyosatida yuz berayotgan o‘zgarishlarni “bombaga intilish”dan ko‘ra “bombaga olib boruvchi imkoniyatni saqlab qolish” sifatida ko‘rish maqsadga muvofiq.
NATOning yadroviy soyaboni hanuz Anqaraning asosiy xavfsizlik tayanchlaridan biri bo‘lib qolmoqda, biroq AQSh bilan munosabatlardagi ishonch muammolari, Eron va Isroil omili hamda mintaqada yadro salohiyatining kengayishi Turkiyani muqobil strategik imkoniyatlar izlashga undamoqda.
Shu nuqtai nazardan, Anqara uchun eng ehtimoliy yo‘l - YQTTShdan chiqmasdan, ochiq yadro quroli dasturini boshlamasdan, atom energetikasi, ilmiy-texnik baza, yoqilg‘i sikli va uzoq masofali tashuvchi tizimlar bo‘yicha milliy salohiyatni bosqichma-bosqich oshirish va strategik noaniqlikni saqlashdir.
Bunday yondashuv Turkiyaga bugungi ittifoqchilik majburiyatlarini buzmasdan, kelajakdagi xavfsizlik muhitiga moslashish uchun qo‘shimcha strategik manevr maydonini beradi.
Strategic Focus: Central Asia
9
7
2
1September 20, 2026 1K 6