Vashingtondagi manbalarga ko‘ra, Turkiya va AQSh F-16 qiruvchi… — Strategic Focus: Central Asia — TG.ME

Vashingtondagi manbalarga ko‘ra, Turkiya va AQSh F-16 qiruvchi samolyotlarini xarid qilish va modernizatsiya qilish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlagan. Bu jarayon prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Nyu-Yorkda Donald Tramp bilan kutilayotgan uchrashuvi arafasida faollashgani bilan e’tiborlidir.

Muzokaralarda 40 ta yangi F-16 Block 70 xaridi, mavjud samolyotlarni modernizatsiya qilish va AQShning CAATSA sanksiyalarini bekor qilish masalalari muhokama qilinmoqda. Masalaning asosiy to‘sig‘i esa hanuz S-400 bo‘lib qolmoqda. Aynan Rossiya tizimlarini xarid qilgani sabab Turkiya F-35 dasturidan chiqarilgan va 2020-yilda AQSh sanksiyalariga uchragan.

Turkiya uchun F-16 masalasi muhim, chunki mamlakat 230 dan ortiq F-16ga ega va ular harbiy-havo kuchlarining asosini tashkil etadi. F-35 dasturiga qaytish bo‘yicha noaniqlik saqlanayotgan bir paytda, F-16 Block 70 Anqaraga mavjud havo salohiyatini saqlab qolish va texnologik bo‘shliqni qisqartirish imkonini beradi.

Bunga mintaqadagi harbiy-texnologik raqobat ham turtki bermoqda. Gretsiya F-16larini modernizatsiya qilmoqda va F-35 olmoqda, Isroil esa F-35 parkini kengaytirmoqda. Shuningdek, AQSh Saudiya Arabistoniga 48 ta F-35 qiruvchi samolyotini 24,3 mlrd dollarlik paket doirasida sotishni ma’qulladi. Kelishuv hali Kongressning 30 kunlik ko‘rib chiqishidan o‘tishi kerak. Agar amalga oshsa, Saudiya Arabistoni F-35ga ega bo‘lgan birinchi arab davlatiga aylanishi mumkin. Bu esa Turkiya uchun harbiy aviatsiyani yangilash masalasini yanada dolzarb qilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, F-16 bo‘yicha qayta boshlangan muzokaralar oddiy qurol-yarog‘ shartnomasi emas. Anqara bir vaqtning o‘zida mavjud F-16 parkini yangilash, beshinchi avlod aviatsiyasi bo‘yicha imkoniyatlarini kengaytirish va AQSh bilan S-400 sabab yuzaga kelgan muammolarni yumshatishga intilmoqda.

Vashington uchun esa F-16 masalasi Turkiyaning NATO doirasidagi harbiy salohiyati bilan bir qatorda, Rossiya qurol tizimlaridan foydalanish masalasi bilan ham bog‘liq. Shu sababli muzokaralarning keyingi taqdiri katta darajada S-400 bo‘yicha qanday yechim topilishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Umuman olganda, F-16 muzokaralarining qayta tiklanishi AQSh-Turkiya mudofaa aloqalarida yangi kelishuv izlash jarayoni boshlanganini ko‘rsatadi. Mintaqada esa F-16 va F-35 kabi zamonaviy platformalarning bir vaqtning o‘zida kengayishi harbiy-texnologik raqobatning yangi bosqichini shakllantirmoqda.

Strategic Focus: Central Asia
👍6🔥3👏2
September 22, 2026 1.3K 3