Bir kuni G‘afur akaning uyiga borsam, yolg‘iz o‘zi xayol surib o‘tirardi. Ish stolida katta noyob bir kitob. Ko‘hna, darvoqe, har borganimda ham ko‘rardim bu kitobni. Ammo bu gal nima kitobligini aniq bildim. Bedilning Kulliyoti ekan. Ha, endi Bedildan gap ekan deb o‘ylasam, o‘sha parishon nazar bilan menga qaradi-da:
— Hoy, senlar nima qilyapsan o‘zi, nega Stalinni buncha qorolab tashladilaring? — dedi.
Angladim: ikki avlod suhbatini qurmoqchi... Bizning avlod vakillari shaxsga sig‘inish masalasiga qanday qarashini bilgisi kelayotir.
1961-yilning noyabr oyi. Bundan bir haftacha burun (17–31-oktabr) KPSSning XXII syezdi bo‘lib o‘tgan va unda «I.V.Stalin shaxsiga sig‘inishning oqibatlarini uzil-kesil tugatish to‘g‘risida» qaror qabul qilingan. Matbuotda bu masala keng yoritilayotgan paytlar edi. Nazarimda, G‘afur G‘ulom bu masalani hamon qabul qilolmayotgan edi. Men nimani o‘ylayotgan bo‘lsam, o‘shani to‘ppa-to‘g‘ri aytaverdim.
— Biz ham XX syezddan (1956) keyingi ilk oylarda bu masalani alam bilan qabul qilgan edik, — dedim men. — Syezd-dan uch yilgina oldin Stalin vafot etganda (1953) biz, o‘ninchi sinf o‘quvchilari endi olam buziladiganday, ba’zi birlarimiz boshimizni devorlarga urib yig‘lagan edik... Bugun Toshkent xalqi bu musibatni ichiga sig‘dirolmay Stalin monumenti qoshiga intilgan, militsionerlar qo‘zg‘algan motamsaro olomon ichida ummonga tushgan cho‘plarday bo‘lib qolgandi... Buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Ammo endi tushundik.
— Nimani tushundilaring?
— Boshqalarni bilmayman-u, ammo men o‘zim bir narsani kechirolmayman: 37-yil voqealarini... Stalin o‘zbek ziyolilarining eng sara gullarini yulib tashladi. Qanday chidash mumkin bunga?
— Kim, kimlarni aytyapsan?
— Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Tavallo, Botu, Hoji Muin, Elbek, Usmon Nosir... Qanchadan-qancha yozuvchi, olim, shoirlarimizni, barcha ziyolilarimizni yo‘q qilganini kechirib bo‘ladimi?! — dedim. So‘ng alam bilan qo‘shimcha qildim: — Abdulla Qodiriyday buyuk yozuvchimizdan bekordan-bekorga ayrilamiz-a. U yetgan yuksaklikka yetishimiz uchun endi qancha o‘n yillar kerak!
— Menga qara, — dedi G‘afur aka to‘satdan, — sen komsomolmisan?
— Nimaydi?
— Meni qanaqa odam, deb o‘ylaysan?
— Siz bizning faxrimizsiz! Bugungi kunning birinchi shoirisiz.
— Bu gapingga o‘zing ishonasanmi?
— Ishonaman!
— Hozir, shu to‘dada ikki-uch odam kirib kelsa, bu odam xalq dushmani deb meni olib ketmoqchi bo‘lsa, nima qilasan?
— Ularga qarshi chiqaman. Oldin meni oladi, keyin sizni, — dedim asabim biroz taranglashib.
G‘afur G‘ulomning dami ichiga tushib ketdi. Ikki daqiqacha jim o‘tirdik.
— Biz unday qilolmadik, — dedi G‘afur aka va javondan konyak olib kelib, ikki stakanga quydi, «men ichmayman» dedim, indamadi. Konyakni, qadahlarni chetga surdi. Keyin:
— Biz unday qilolmadik, — dedi yana.
— Bu nima deganingiz?!
G‘afur aka indamas edi. O‘rtamizda jimlik hukm surardi. Birdan ikki barmog‘ini lablariga bosib, boshmaldog‘i bilan dahanini tutgancha ovozsiz yig‘lay boshladi. Men nima gapligini tushunmay, tang bir ahvolda, gangib turardim.
— Hoy! — dedi bir mahal. — Manov dahlizga chiq! Qoziqqa qara!
Nima ekan, deb dahlizga chiqdim, qoziqda bir miltiq osig‘liq edi.
— Miltiq bormi?
— Bor.
— Patronda o‘qiyam bor, olib kel, G‘afur akangni ot! Nima qilasan G‘afur akangni himoya qilib?!
— G‘afur aka! Tinchlikmi? Asabingiz buzuqmi, deyman. Ozgina dam oling, men keyin kelaman.
— Miltiqni olib kel! Meni ot! Qodiriyning uvol ketishiga Stalin emas, men aybdorman. Meeen!!! «Abdulla Qodiriy xalq dushmani» deb xat yozib berdim, — dedi.
— Sizga nima bo‘ldi? Nega unday deyapsiz?
— Men himoya qilolmadim! Men qo‘rqoqlik qildim!
— Bu ishing aybdori siz emas, Stalin yaratgan zamonning mashinasi, o‘sha davr muhiti aybdor, — dedim og‘ir o‘ylarga botib...
U esa yig‘lar, tinimsiz yig‘lar edi.
Men esa bu gaplarni shartmidi deb o‘yladim. Ha, yozish shart degan xulosaga keldim, chunki yoshlar jasoratning katta ahamiyati va qo‘rqoqlikning qanday yo‘qotishlarga olib kelishini bilishlari kerak deb o‘yladim.
Miraziz A’zam. “Xotiralar” kitobi,
46–49-betlar. Toshkent,
“Мuharrir” nashriyoti, 2019-yil.