Ayol erini aka deb yoki ismini aytib murojaat qilishi joizmi!?
SAVOL:
Yaqinda uylanaman ayolim menga aka deb murojaat qilishi mumkinmi? Mumkin boʻlmasa nima deb murojaat qilgani yaxshi?
JAVOB:
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ayrim kitoblarimizda bunday tarzda murojaat qilishni makruh deyilgan. Chunki bu odobga toʻgʻri kelmaydi.
يُكْرَهُ أَنْ يَدْعُوَ الرَّجُلُ أَبَاهُ وَالْمَرْأَةُ زَوْجَهَا بِاسْمِهِ كَذَا فِي السِّرَاجِيَّةِ .
“Erkak kishi otasini, ayol kishi erini ismi bilan murojaat etishi makruhdir. Sirojiyyada shunday kelgan” (Al-Fatovo al-hindiya).
“Durrul muxtor”da shunday deyiladi: “Ayol erini ismi bilan chaqirsa makruh boʻladi”. Buni sharhlab Ibn Obidiyn rahimahulloh oʻz “Hoshiya”larida shunday yozadilar: “Erga murojaat qilishda hurmatlashni ifodalaydigan “xoʻjayin” yoki shunga oʻxshash lafz ishlatish lozim. Usmon ibn Ato oʻz otasidan rivoyat qiladi: Said ibn Musayyibning xotinlari: “Bizlar erlarimizga, sizlar amirlaringizga soʻzlaganingizdek soʻzlar edik, Alloh isloh qilgur, ofiyat bergurlar”, degandilar.
Ummu Dardo Jahmiyya erlari Abu Dardo roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilsalar: “Menga sayyidim (xoʻjam) hadis aytdilar”, deb boshlar edilar.
Imom Navaviy “Sahihi Muslim”ning sharhida: “Menga Ummu Dardo hadis aytdi: “Menga xoʻjam hadis aytdi”, degan joyini shunday izohlaydilar: “Yaʼni, “xoʻjam”dan murod erlari Abu Dardodir. Bundan ayol erini xoʻjam, (yo xoʻjayinim) deyishi joiz ekani bilinadi”. Bunga oʻxshash narsa Qurʼonda ham bor. “Eshik oldida u(xotin)ning xoʻjayiniga duch kelishdi” (“Yusuf” surasi, 25-oyat).
“ “Xoʻjayini” – eri degani”.
Vallohu aʼlam.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati.
@bitilma