O'rganishni yaxshilaydigan 7 ta strategiyam
(4-bandda nega shunchaki qayta o'qish foyda bermasligini bilib olasiz)
1. Yangi bilimni o'z hayotingizga bog'lang
Yangi ma'lumotni shunchaki yodlamang — uni o'zingiz avvaldan bilgan narsalar bilan taqqoslang yoki shaxsiy hayotingizdagi biror voqeaga bog'lang. Shunda ular tarqoq qoidalar emas, butun bir manzara sifatida xotirangizda muhrlanadi. Miyani faol ishlashga majbur qilishning eng zo'r yo'li ham aslida shu!
Demak, nima qilamiz?
O'rganayotgan mavzuingizni hayotingizdagi biror real holatga yoki shaxsan o'zingizga o'xshatib ko'ring.
Yangi bilimning eski tajribalaringizga o'xshash jihatlarini qidiring.
Mavzuni ko'z oldingizda vizual tasavvur qiling (miyada uning rasmini chizing).
2. O'zingizni tez-tez sinab turing
O'z-o'zini imtihon qilish — o'rganishning eng kuchli usullaridan biri. Afsuski, ko'pchilik bundan kam foydalanadi. Ma'lumotni miyaga tinimsiz "quyaverish" o'rniga, uni xotiradan qazib olishni mashq qiling — xuddi imtihondagidek. Bu usul qayerda oqsashingizni va qaysi joyga ko'proq e'tibor qaratish kerakligini aniq ko'rsatib beradi.
Demak, nima qilamiz?
Fleshkartalar yasang: Bir tomoniga savol yoki atama, ikkinchi tomoniga javobini yozing.
Mashq qiling: Darslik, internet yoki sun'iy intellekt yordamida savollar tuzing. To'g'ri javobga qarashdan oldin, o'zingiz yechishga urinib ko'ring.
Tushuntiring: O'rganganingizni ovoz chiqarib o'z-o'zingizga yoki boshqa birovga o'qituvchi kabi tushuntirib bering.
3. Miyangizda xarita chizing
Asosiy mavzu, kichik mavzular va ular orasidagi bog'liqlikni topib, ma'lumotlar strukturasini yarating. Tartibli bilimni eslab qolish doim osonroq. Ma'lumotlar toifalarga ajratilganda, miyada xuddi bir "xarita" paydo bo'ladi va bitta fikr avtomatik ravishda ikkinchisini tortib keladi. Bu esa miyaga tushadigan ortiqcha yukni yengillashtiradi.
Demak, nima qilamiz?
Aqliy xaritalar (mind map), sxema yoki jadvallar chizing.
Katta ma'lumotni maydalab, ma'lum bir tartibda guruhlarga ajrating.
4. "Buni bilaman" degan yolg'on illyuziyadan ehtiyot bo'ling
Ko'pchilikning eng sevimli odati — konspekt yoki kitobni qayta-qayta o'qishdir. Lekin bu eng katta tuzoq! Matnni qayta o'qiganda u sizga oson va tanish tuyuladi. Shuning uchun odamlar bu usulni yaxshi ko'radi. Aslida esa, matn shunchaki avval ko'zingiz tushgani uchungina oson tuyulmoqda, uni o'zlashtirganingiz uchun emas. Biror narsani ko'rganda "tanish" bo'lishi bilan, uni kitobga qaramasdan mustaqil eslay olish — butunlay ikki xil narsa.
Demak, nima qilamiz?
Matnni shunchaki qayta-qayta o'qiyotganingizni sezsangiz, darhol kitobni yoping. Endi o'rganganlaringizni o'z xotirangizdan tiklashga (yozishga yoki gapirishga) harakat qilib ko'ring.
Yaxshi natijaga erishish uchun shunchaki o'qishdan voz kechib, yuqoridagi strategiyalarni amalda qo'llang.
5. Ichki holatingiz va atrof-muhitni o'z foydangizga ishlating
Miya faqatgina ma'lumotni yodlamaydi — u o'sha paytdagi atrof-muhitni, hidlarni va hatto sizning kayfiyatingizni ham xotiraga yozib oladi. Masalan, 1975-yildagi qiziq bir tajribada g'avvoslar so'zlarni suv ostida yodlashgan va aynan suv ostida sinovdan o'tishganda natijalar yuqoriroq bo'lgan. Yoki xursand paytingizda o'qigan narsangiz, yana xursand bo'lganingizda tezroq esga tushadi. Bu shuni anglatadiki, siz o'qiyotgan muhit va kayfiyat xotirani ishga tushiruvchi "kalit" vazifasini o'tashi mumkin.
Demak, nima qilamiz?
Imtihon yoki bilimni amalda qo'llaydigan vaziyatingizga imkon qadar o'xshash sharoitda tayyorlaning (masalan, yotib olib emas, stolda o'tirib o'qing).
Imtihon jarayonini oldindan tasavvur qiling: qayerda o'tirasiz, atrof qanday bo'ladi?
Miya bitta joyga qaram bo'lib qolmasligi uchun, ba'zida dars qiladigan joyingizni o'zgartirib turing (masalan, kutubxona, qahvaxona yoki tabiat qo'ynida).
6. O'qish jarayonini qismlarga bo'ling
Bir o'tirishda 8 soat tinimsiz o'qigan yaxshimi yoki kuniga 2 soatdan 4 kun o'qiganmi? Ilm-fan aniq javob beradi: ikkinchisi! Buni fanda "taqsimlash effekti" (spacing effect) deyishadi. Miya ma'lumotni to'laqonli hazm qilishi va uzoq muddatli xotiraga o'tkazishi uchun unga vaqt kerak bo'ladi.
Demak, nima qilamiz?
Bitta uzun "marafon" o'rniga, dars jarayonini bir nechta qisqa seanslarga bo'ling.
O'qishni turli kunlarga taqsimlang. Shunda navbatdagi bandda aytiladigan "uyqu mo'jizasi"dan ham maksimal foyda ko'rasiz.
7. Uyquni o'z ustozingizga aylantiring
Uyqu — xotirani "betonlaydigan" eng asosiy jarayon. Siz uxlayotganingizda, miya umuman dam olmaydi, aksincha, kun davomida olgan yangi ma'lumotlarni saralaydi, tartiblaydi va eskilariga ulab qo'yadi. Uyqu yetishmasligi esa diqqatni pasaytirib, xotirani xiralashtiradi.
Demak, nima qilamiz?
Uyquni hamma narsadan ustun qo'ying! Talabalar orasida mashhur bo'lgan "tunni bedor o'tkazib tayyorlanish" — xotira uchun eng yomon jarayon.
Asosiy o'qishni kechqurunlarga rejalashtiring yoki kunduzi o'qisangiz ham, uxlashdan oldin qisqacha takrorlab oling. Uxlashdan oldin o'qilgan narsa tun davomida xotiraga chuqurroq o'rnashadi.
Barcha o'rganish usullari ham birdek samarali emas. Eng mashhur bo'lgan usul — ma'lumotni qayta-qayta o'qish foydali tuyulsa-da, aslida vaqtingizni o'g'irlaydigan illyuziyadir.
Hozirgacha eski usullaringiz bilan yaxshi natijalarga erishgan bo'lsangiz ham, bilim olish tezligi va sifatini butunlay yangi darajaga olib chiqish uchun ushbu 7 ta strategiyani amalda sinab ko'ring. Natijasini tez orada o'zingiz sezasiz!
Maqola foydali bo'lgan bo'lsa uni talaba do'stlaringizga ham ulashing!
@kitob_ombori