Foiz stavkasi nima va u qanday hisoblanadi? Kredit olish oson. Lekin… — Pulli Gap — TG.ME

🕯 Foiz stavkasi nima va u qanday hisoblanadi?

Kredit olish oson. Lekin uni tushunmasdan olish — qimmatga tushishi mumkin. Eng ko‘p xatolar aynan bitta joyda qilinadi: odamlar foiz stavkasini ko‘radi, lekin u qanday ishlashini tushunmaydi. Natijada esa qayerdandir ortiqcha to‘lovlar ham paydo bo'ladi.

Keling, buni to‘liqroq ko‘rib chiqamiz.

😊Xo'sh, foiz stavkasi aslida nima?

Foiz stavkasi — bu bankdan olgan pulingiz uchun to‘lov. Buni ijara bilan solishtirish mumkin: siz pulni “ijaraga olasiz” va buning uchun haq to‘laysiz.

Muhim jihati stavka har doim yillik bo‘ladi, ya’ni 24% degani — bu 1 yil uchun, bir oyga emas. Ko‘pchilik aynan shu yerda adashadi va kreditni noto‘g‘ri baholaydi.

📈Foiz nimadan hisoblanadi?

Bank foizni boshlang‘ich summadan emas, qolgan qarzdan hisoblaydi. Bu esa albatta siz uchun yaxshi. Chunki, qarzni kamaytirasiz - foiz ham kamayadi, tezroq to‘laysiz - kamroq ortiqcha pul ketadi.

🔍Keling, misol bilan ko'rib chiqamiz: 1mln so'm kredit oldingiz deylik.

Kredit: 1 000 000 so‘m
Yillik stavka: 22%
Birinchi oy uchun foizni hisoblaymiz: 1000000×0.22/12
Taxminan: 18 300 so‘m

Endi eng muhimi agar siz darhol 400 000 so‘mni qaytarsangiz, qarzingiz 600 000 so‘m qoladi

Keyingi oy foiz: 600000×0.22/12
Taxminan 11 000 so‘mni tashkil etyapti.

Farqni ko‘ryapsizmi? Siz qarzni kamaytirib har oy kamroq foiz to‘lay boshlaysiz.

❓Nega ko‘pchilik baribir ko‘p to‘laydi?

Chunki ular ko'pincha “Oylik to‘lov qancha?” deb shunga qaraydi, aslida “Umumiy qancha ortiqcha to‘layman?” deb so'ralishi kerak. Bu esa bank uchun qulay, siz uchun esa qimmat variant.

Foiz stavkasi — bu shunchaki raqam emas. Bu siz qancha ortiqcha pul to‘lashingizni belgilaydigan mexanizm. Shuni doimo yodda tuting.

Bu postni ko'p kredit oladigan do'stingizga jo'natib qo'ying 😉

TelegramInstagramYouTube
❤34👍20👎2
May 29, 2026 16.4K 8 75