CODE STATUS haqida gaplashmoqchi edim.
Har bir bemorning o‘z CODE STATUS’i bo‘ladi — ya’ni yuragi to‘xtasa yoki nafas olmay qolsa nima qilish kerakligi. Aslida bu klinik o‘lim holati yuz bersa qanday yo‘l tutishni anglatadi. Qiziq tomoni, Amerikada “klinik” va “biologik” o‘lim terminlari unchalik ishlatilmaydi. Agar bemorda puls yo‘qolsa/yuragi to‘xtasa, u allaqachon vafot etgan hisoblanadi.
CODE STATUS qanday bo‘lishi mumkin:
• Full code — hamma narsani qilamiz (CPR, intubatsiya)
• DNR (Do Not Resuscitate) — yurak to‘xtasa CPR qilinmaydi
• DNI (Do Not Intubate) — sun’iy nafas apparatiga ulanmaydi
• DNR/DNI — na CPR, na intubatsiya/ventilyatsiya
• Yana modifikatsiyalangan variant ham bor — DNR/DNI (but with a trial of NON-invasive ventilation) — ya’ni yuqoridagidek, lekin BiPAP/AVAPS/CPAP qilish mumkin
Va alohida MOLST forma (Medical Orders for Life-Sustaining Treatment) ham bor. NY shtatida shunday ataladi va odatda pushti rangdagi forma bo‘ladi. Aniq bilmayman, lekin boshqa shtatlarda boshqacha nomlanishi mumkin.
Bu endi shunchaki suhbat emas — bu kasalxonadan tashqarida ham amal qiladigan rasmiy tibbiy hujjat (masalan uyda yoki nursing facility’da).
Ba’zida DNR/DNI noto‘g‘ri talqin qilinadi — nafaqat bemorlar, balki tibbiyot xodimlari tomonidan ham — go‘yoki bu “hech narsa qilinmaydi” degani kabi.
Lekin bu noto‘g‘ri.
Bemor DNR bo‘lishi mumkin, lekin shunga qaramay antibiotik, kislorod, boshqa davolashlar, hattoki ICU care ham olishi mumkin — shunchaki yurak to‘xtasa reanimatsiya qilinmaydi.
Bemor qabul qilinganda biz har safar CODE STATUS’ni so‘raymiz va MOLST formani yangilaymiz.
Bunday suhbatlar (GOC — goals of care) eng qiyin, lekin eng muhim suhbatlardan biri hisoblanadi.
Va rostini aytsam, ko‘pchilik bemorlar bu haqda birinchi marta aynan kasalxonada o‘ylab qoladi. Vaholanki, bu suhbatni oldinroq qilish yaxshiroq bo‘lardi.
Bu suhbatlar ayniqsa bemor yaqqol dekompensatsiyada bo‘lganda juda og‘ir kechadi. Gap endi faqat DNR/DNI haqida emas, balki Comfort Measures Only (CMO) haqida ham ketadi.
Odatda bunday suhbatlarni bemor yoki uning oilasi bilan, agar bemor yaqin orada vafot etishi ehtimoli yuqori bo‘lsa yoki hospice uchun kandidat bo‘lsa o‘tkazamiz (ha — prognoz odatda 6 oydan kam bo‘lganda).
Bu suhbatlarning asosiy maqsadi — terminal holatdagi bemorga oxirgi vaqtlarini oilasi yonida, tinch va qiynalmasdan o‘tkazishga yordam berish. Ya’ni tibbiyot endi ojiz bo‘lib qolgan vaziyatda, “oxirigacha hamma narsani qilish” emas.
CMO — bu comfort care’ga fokus qilish degani. Asosiy maqsad — bemor oxirgi kunlari/soatlari/daqiqalarini og‘riq, bezovtalik yoki vahimada emas, imkon qadar komfortda o‘tkazishi.





