Nurab borayotgan tarix
Tarixdan kelayotgan sadolarga quloq tutsak, u tariximiz qanchalik buyukligi haqida soʻzlaydi. Bugungi zamonaviy, shoshqaloq davrda yashar ekanmiz, guruhimiz bilan Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyiga borishimiz bizni tarix bilan yuzlashtirdi. Garchi, muzeyning holati qoniqarli darajada boʻlmasa-da, lekin har holda bu bizni tarixni his qilishimizga toʻsqinlik qilmadi. Lekin, fikrimcha bu vaziyatni toʻgʻirlashimiz kerak. Chunki bu muzey poytaxtimizning yuragida ya’ni markazida joylashgan tariximizning asosiy qismini tashkil etadigan eksponat va san’at asarlaridan tashkil topgan va bu boyliklarni Oʻzbekistonda yashaydigan har bir koʻz koʻrishi kerak, deb oʻylayman. Men tasavvur qiladigan muzey, sal gavjumroq, zamonaviyroq va qiziqarliroq tuyilgandi. Reallikda esa faqat maktab oʻquvchilari va talabalar jamoa boʻlib kelmasa, boshqalar borligini ham bilmaydigan joy sifatida xotiramda qoldi. Tashkent city mall’dagi jadidlar koʻrgazmasi atigi bir necha oy davom etgan boʻlishiga qaramasdan, bir qancha odamlar aynan shu koʻrgazmaga qiziqib pul toʻlab boʻlsa ham tomosha qilishga borishdi. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda oʻz vaybi va audio va vizual tasvirlari bilan hammani oʻziga jalb qildi.
Alisher Navoiy muzeyida esa jadid adabiyotiga qoʻshib, bizning butun boshli tariximiz borku. Bundan kelib chiqadiki, Tashkent city malldagi jadidlar koʻrgazmasiga borgan xalq, albatta u muzeyga ham qiziqadi. Agar muzey yaxshi ta’mirlanib, ijtimoiy tarmoqlarda yaxshi targʻibot qilinsa, albatta, uning kelajagi barkamol boʻlishiga, turistlar ham Oʻzbekistonga kelishganida birinchi boʻlib tashrif buyuradigan joylari aynan shu muzey boʻlishiga toʻlaqonli ishonaman.
Chunki temuriylar davri tarixi, Navoiy ijodi, qolaversa, oʻzbek jadid va klassik adabiyoti barcha uchun birdek qiziqarli deb oʻylayman.