Nogoh salqin keldi avgust so‘ngida,
Yomg‘ir yog‘ib o‘tdi bugun ertalab.
Ertalab – sabrning ko‘zi o‘ngida –
Men sening ismingni aytdim erkalab.
Nogohon o‘zgarish etdimi ta’sir,
Yo salqin xotirang yetdi – bilmadim:
Ko‘nglimni ertalab etmadim tahrir -
Erkalab ismingni aytdim. Yig‘ladim.
Tushindim, taqdiring ishin yuritgan
Beyurak royishlar haqlidir, haqli.
O‘yladim: “Albatta, meni unutgan! –
Albatta, baxtlidir! Albatta, baxtli!”
Asli bu mung nechun? Taqdir hal bo‘lgan.
Umrdan necha kun qoldi? Bilmadim.
Sensiz o‘lmog‘imga qismatim ko‘ngan...
Baribir yig‘ladim.
Usmon Azim