Sentyabr — tuyg‘ular kasalxonasi,
og‘zida qatiq ivitar quvonchim bu oy.
Yolg‘on bayramlardan achishar yurak,
aylanar boshlarga qo‘nolmay xumoy.
Sentyabr, qanday hatlab o‘tayin sendan?
suv shimgan tamaki — cho‘g‘lanmas ruhim.
Yovqur kayfiyatim dominga tushmay,
Sensiz makonlarga qilishsa quvg‘in...
Na she’r davolaydi, na yomg‘ir, na ishq,
Ko‘rinish bermagin hayallab.
Ulgursin bor-yo‘g‘im bo‘lib olmoqqa,
ko‘nglimda tunagan ayollar.
Sentyabr — og‘riq doyasi,
og‘ochlar ko‘ziga qarolmayman tik.
Sentyabr — qiyomat soyasi,
nafasing siylagan tonglar — o‘limtik.
Oh, nega bu qadar qo‘rqaman sendan?
Yo‘q, yo‘q, ishonaman, sevib, chin so‘zim.
Axir keltirganding meni dunyoga
va olib ketarsan bir kuni o‘zing...
Jontemir