nazm Muhit sabog‘i Judayam toliqdim...hammasi chirkin, Dunyoga… — INTERPRETATSIYA — TG.ME

#nazm

Muhit sabog‘i

Judayam toliqdim...hammasi chirkin,
Dunyoga aytgulik so‘zim qolmadi.
Bo‘ldi, bas, yo‘qolsin barcha gina, kin,
Yuzsizlik qilishga yuzim qolmadi!

Har lahza kurashib egilmaslikka,
Har onda o‘rgandi qullikka ruhim.
Osmonni quchishga shay edi, lekin,
Yer bag‘irlab qoldi sha’nu shukuhim.

Kel endi, sen o‘zing qutqargil, Tangrim,
Ruhimni uyg‘un qil kamalaklarga.
Hech hafa bo‘lmasdan rozi bo‘laman,
Umrimni ulashsang kapalaklarga.

Ko‘z ochgan bo‘lsam ham dunyoga kelib,
Dunyoni ko‘rishga ko‘zim qolmadi.
Yashagim kelyapti, bas, o‘zim bo‘lib,
Afsuski, o‘zimda o‘zim qolmadi!

Judayam toliqdim...


© Guljamol Asqarova

📕 INTERPRETATSIYA
❤1
July 21, 2026 225 2