ALVIDO
Alvido, ey mohi rahmat, shahri gʻufron, alvido!
Aylading azmi safar, boʻlduk parishon, alvido!
Afv qil nuqsonimiz, ey yaxshi mehmon, alvido!
Boisi savmu solotu xatmi Qurʼon, alvido!
Alvido, ey rahmati Haq, mohi tobon, alvido!
Bir necha kun xoni ehsoningga hojatmand eduk,
Ham salotu xatmi Qurʼoning bilan xursand eduk,
Band edi iblislar, mehring-la shakkarxand eduk,
San oto maʼnidakim, bizlar sanga farzand eduk,
Tifl yangligʻ aylading bizlarni giryon, alvido!
Hurmatingdin kecha-yu kunduz duo erdi qabul,
Hamdi Alloh, bizga boʻldung xosi merosi Rasul,
Kelganingga shod etib, ketgoninga qilding malul,
Gar ato azmi safar qilsa, qolur yigʻlab oʻgʻul,
Tez kel, bizlarni qilgin shodu xandon, alvido!
Shomdin ilgori amr aylar malaklarga Gʻafur:
“Bir qarang bandamgʻa, taʼom oldida, obi tahur,
Biym etib Mandin, yemaykim, intizori shom erur,
Ham taʼomu obin ustiga toʻkunglar pok nur,
Afv qildim qancha qilgan ersa isyon”, alvido!
Bir ajab mahsan – hama mahlar aro qurbing azim,
Kim sani eʼzoz qilsa, Hashrda bexavf-u biym,
Hurmatingdin jannat ichra boʻldi hurlar koʻhlikim,
Sohibi iftor erur Mahsharda ozodi jahim,
Qaysi moh san kabi sohib xayru ehson, alvido?!
Hurmatingdin gʻarqi nur erdi bu jismu jonimiz,
Ravshan erdi xatmi Qurʼoning bilan iymonimiz,
Xasta erduk, sandin erdi necha kun darmonimiz,
Alvido, ey rahmati Haq, koʻp erur nuqsonimiz,
Jurmi isyonimni qil – Haq soʻrsa – pinhon, alvido!
Lagʻv qilib erdim, ketib qilsang mani oshufta hol,
Garchi badman, yaxshi arz et soʻrsa gar Vojib Taʼol,
Umrga yoʻq eʼtimodim to keluncha yangi sol,
Xizmating erdi manga ayni rizoyi Zuljalol,
Ey mahi farxundayi nuri shabiston, alvido!
Kim saning boringda behad erdi ehsonu savob,
Emdi xush ket, to keluncha boʻldi ahvolim xarob,
Kim sani eʼzoz etar, jannat egasi – behisob,
Xatm qildim arzimi, vallohu aʼlam bis-savob,
Mashrabingdin rozi boʻl, ey yaxshi mehmon, alvido!
BOBORAHIM MASHRAB
(rahmatullohi alayh)
@fayziy_uz