"Qanot chiqarish"
Ipak qurti kapalakka aylanib uchib ketishidan oldin oʻzini nozik ipak bilan oʻrab, pilla ichiga oladi. Aslida bu ipak yopinchiq uni tashqi xatarlardan toʻliq asray olmasa-da, to qanot chiqarguniga qadar omonlik va xotirjamlik hissini beradi.
Yangi tugʻilgan mushukchalarni onasi boʻynining orqasidan tishlab koʻtarib yuradi. Shu sababli ulkan mushukni ham oʻsha joyidan tutsangiz, harakatsiz qolib, beixtiyor sizga taslim boʻladi. Chunki shu harakat bilan unga yana oʻsha bolalikdagi «bexatarlik» hissi qaytadi.
Shunga oʻxshash holatni insonda ham koʻrish mumkin.
Inson embrion holatida ona bachadonida — «mustahkam qarorgohda» (Mursalat surasi, 21-oyat) bexatar yashaydi. Dunyoga kelishi bilan oʻsha oʻrganib qolgan «oʻrab qoʻyilgan» muhitini sogʻinib yigʻlay boshlaydi. Goʻdakning uyquda birdan seskanib, choʻchib uygʻonib ketishi ham miyadagi xatar signalidan darak beradi. Shuning uchun go‘dakni yoʻrgaklab qoʻyilsa, u oʻzini xavfsiz his qilib, tinch uxlaydi.
Oʻzini oʻrab, «hissiy himoya» qatlami yasash moyilligi inson ulgʻayganda ham davom etadi. Koʻpchilik yozning issigʻida ham yupqagina yopinchiqsiz uxlay olmaydi. Yopinchiqsiz yotsa, miyadagi qadimiy xotira: «Sen himoyasizsan, xatarga ochiqsan», degan signal berib, uxlashga yoʻl qoʻymaydi. Ustiga pardadek yupqa matoni tortib olgachgina oʻzini «himoyalangan» sezadi va miya tanaga orom beradi. Kimningdir yostiq yoki yumshoq oʻyinchoq quchoqlab, gʻujanak boʻlib uxlashi ham ana shu eski xotira — ona bagʻrini sogʻinish asoratidir. Aslida bularning barchasi miyaning oʻzini aldashi, voqelikdan qochish va oʻzidagi noziklikni bekitish istagidir.
Alloh taolo bandaga uning oʻzidan ham mehribonroqdir. Shu sababli, inson miyasining bu kabi aldovlariga asir boʻlib, asl maqsadidan mahrum boʻlib qolmasligi uchun uni ogohlantiradi.
Siyratga nazar tashlasak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam yoshliklaridan yetim ulgʻaydilar. Na ota, na ona mehri uzoq davom etdi. Bobolaridan soʻng amakilarining qaramogʻiga oʻtdilar. Alloh Oʻz elchisini hech kimning «yopinchigʻi» ostida uzoq qoldirmadi. Vahiydan oldingi davrga qarasak, u zot uzlatni ixtiyor qildilar. Oysha onamiz aytadilar:
«U zotga xilvat suyukli qilindi» (Buxoriy rivoyati).
Bu holat shu darajaga yetdiki, u zot odamlardan uzoqlashib, Hiro gʻoridan panoh topar edilar. Zero, yer hayotidan samoviy yuksalish sari parvoz qilish uchun kapalak kabi qanot chiqarish, buning uchun esa avval oʻzini oʻzi xilvat «ipagiga» oʻrashi lozim edi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ilk bor vahiy kelganida, Jabroil alayhissalom u zotni uch marotaba qattiq bagʻriga bosib qoʻyib yubordi va: «Oʻqi!», dedi. Shundan soʻng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam titrab-qaqshab uylariga qaytdilar va: «Meni oʻrab qoʻyinglar, meni burkab qoʻyinglar», dedilar (Buxoriy rivoyati).
Shunda Alloh taolo «Muzzammil» va «Muddassir» (Ey oʻranib olgan zot! Ey burkanib olgan zot!) suralarini nozil qildi.
Bu holatni ham yuqoridagi hikmatga qiyoslash mumkin: yerda sudralish vaqti tugab, qanot chiqarib parvoz qilish lahzasi yetganida, Alloh u zotni farishta ogʻushiga burkashni iroda qildi. Ammo u zot insoniy tabiat taqozosi bilan yana «yerning yopinchigʻiga» berkinmoqchi boʻlganlarida, bir surada Allohning haqqini (ibodatni), ikkinchisida esa bandalarning haqqini (da’vatni) ado etishga chorlovchi nido keldi.
«Ey oʻranib olgan zot!» xitobi ostida — voqelikdan qochmaslik, xatardan choʻchimaslik hamda oʻzini embrion kabi ojiz va himoyasiz his qilishdan qaytarish ma’nosi mujassam edi.
Zero, ipak qurti yumshoqqina pillasiga oʻranib yotaversa, jur’at qilib tashqariga uchib chiqmasa, qaynoq suvga tashlanadi-da, bor-yoʻgʻi kishilar egnidagi matoga aylanadi, xolos. Demak, issiq va qulay oʻrindan qoʻzgʻalmasdan turib hech qachon parvoz qanotlarini chiqarib boʻlmaydi.
Miyaning bu ojizona aldovi sabab bandaning Alloh panohini qoʻyib, oddiy bir matodan xotirjamlik izlashidan Robbimiz Oʻz Paygʻambarini asradi va qat’iyat bilan buyurdi:
«Ey (libosiga) oʻranib olgan zot! Turgin, kechani (ibodat bilan) bedor oʻtkaz...» (Muzzammil surasi, 1–2-oyatlar)
August 24, 2026 35