Maktabga chiqqan bola bog’chani, oila qurgan inson bo’ydoqlik davrini sog’inadi. Sababi - avval vaqti ko’proq, mas’uliyati kamroq edi.
Bir bosqichdan ikkinchisiga o’tganda vazifa va mas’uliyat tabiiy ko’payadi.
Endi ustoz bergan vazifani bajarish kerak (maktab o’quvchisi)
Endi ishlash uchun xos bilim olib, amaliyotda qo’llay olish kerak (universitet talabasi)
Endi rivojlanib, ko’proq pul topish kerak (kompaniya xodimi)
Endi yangi oilasiga xizmat qilish kerak, farzand parvarish/tarbiyasi bilan shug’ullanish kerak (oila qurgan ayol)
Ularni birlashtirgan bir narsa bor - endi avvalgidek oson bo’lmaydi. Buyog’iga mas’uliyat oshib boradi, o’ylov ko’payadi, qiladigan ishlar soni ham ortadi.
Avvalgi davrni istab, hoziridan nolishning foydasi yo’q. Xo’p, nima qilish kerak?
Vaqtdan unumli foydalanish. Bugun ko’ldasiz, ertaga dengizda suzishingiz kerak bo’lsa, vaqtingizni suzishni mashq qilishga sarflaysiz. Demak hozir siz uchun muhim bo’lgan ishlarni aniqlash kerak. Va vaqtni ularga sarflash kerak.
• Qarigan paytda qanday inson bo’lishni istaysiz?
• Qaysi ilm, qaysi xulq sizda bo’lsin?
• Qaysi amallarni qilishga ulgurishingiz kerak?
• Kim sifatida bu dunyoni tark etmoqchisiz?
• Odamlar sizni kim deb eslashsin?
• Allohning huzurida qanday banda bo’lmoqchisiz?
Shu savollarga javob - sizning maqsadingiz. Bu maqsadga erishish uchun qiladigan ishlaringiz - yo’l. Shu yo’lda har kuni yurish kerak.
Maqsad tomon yetaklovchi kunlik vazifangiz bo’lsin. Kuniga 1 bet kitobdir, 2 rakat ko’proq namozdir balki, 10 ta ko’p salovat yoki 5 daqiqa tafakkur - o’zingiz belgilaysiz. Ana shu vazifani bardavom qilish orqali rivojlanasiz.
Hamma rivojlanmoqchi atrofda, biroq hamma ham qila oladimi? O’ziga va maqsadiga sodiq qolganlar qila oladi. Vaqti kamligini bilib, befoyda ishdan cheklanadi. Vazifasini bajaradi.
Kunini ishg’ol qilgan odam, hayotini ishg’ol qiladi. Har kuningiz mazmunli o’tayotgan bo’lsa, oy va yillardan xavotir olishga o’rin yo’q.