Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, dars taqsimoti bo‘yicha nizo aksariyat hollarda aynan u kelib chiqqan maktabning o‘zida hal bo‘lmaydi. Chunki taqsimotni amalga oshirgan pedagogik kengash va maktab rahbariyatidan o‘z qarorini bekor qilish so‘raladi.
Shunga qaramay, avvalo direktor nomiga yozma murojaat qilib, darslarni Nizom (3271)ning 15–16-bandlari asosida qayta ko‘rib chiqishni, pedagogik kengash bayonnomasi va tarifikatsiya ro‘yxatidan ko‘chirma berishni so‘rang.
Agar masala hal qilinmasa, quyidagi organlarga murojaat qilishingiz mumkin:
1. Hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi yoki boshqarmasi
Nizom (3271)ning 20-bandiga ko‘ra, maktab o‘qituvchilar haqidagi ma’lumotlar va dars soatlarini elektron dasturga kiritadi. Nizomning 21–24-bandlariga muvofiq esa tarifikatsiya ro‘yxati hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘linmasiga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun yuboriladi.
Demak, bu organ faqat umumiy nazorat qiluvchi idora emas, tarifikatsiya ro‘yxatini bevosita ko‘rib chiqadigan va tasdiqlaydigan vakolatli organ hisoblanadi. Murojaatda tarifikatsiyani tasdiqlamaslik yoki qayta ko‘rib chiqish uchun maktabga qaytarish so‘ralishi kerak.
2. Davlat mehnat huquqi inspektori
Dars soatlarining asossiz kamaytirilishi xodimning mehnat shartlari va ish haqiga ta’sir qiladi. Shu sababli bu holat mehnat huquqining buzilishi sifatida Davlat mehnat inspeksiyasida ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 706-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan nizomning 43–45-bandlariga ko‘ra, Davlat mehnat inspeksiyasi tashkilotlarda mehnat qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qiladi, qonunbuzilishlarni tekshiradi va ularni bartaraf etish yuzasidan ish beruvchiga ko‘rsatma beradi.
3. Hududiy adliya organlari
PQ-3666-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan nizomning 9-bandi hamda 10-bandining 6-kichik bandiga ko‘ra, adliya organlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini huquqiy himoya qilish choralarini ko‘radi, davlat organlari va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan qonunchilikka rioya etilishini nazorat qiladi.
Adliya organi bunday nizoda maktab va vakolatli organlar tomonidan Nizom (3271) talablari to‘g‘ri qo‘llanganini o‘rganib, qonunbuzilishni bartaraf etish choralarini ko‘rishi mumkin.
4. Hududiy moliya organlari
Bu eng ko‘p e’tibordan chetda qolayotgan, aslida esa tarifikatsiya jarayonida hal qiluvchi vakolatga ega organlardan biridir.
Bu organ tarifikatsiyani yakuniy tasdiqlash jarayonida muhim vakolatga ega. Nizom (3271)ning 21–24-bandlariga ko‘ra, tarifikatsiya ro‘yxati iqtisodiyot va moliya organiga ham yuboriladi. Kamchilik aniqlansa, u tasdiqlanmaydi va qayta ishlash uchun maktabga qaytariladi.
Shuning uchun darslar 15–16-bandlarga zid taqsimlangan bo‘lsa, tarifikatsiya tasdiqlanmasidan oldin hududiy iqtisodiyot va moliya organiga murojaat qilish ayniqsa muhim.
Murojaatga diplom, qayta tayyorlash diplomi, malaka toifasi va sertifikat nusxalari, pedagogik kengash bayonnomasi, tarifikatsiya ro‘yxati yoki dars taqsimotiga oid mavjud dalillarni ilova qiling.
eMaktabuz
📙https://t.me/kundalikbuxoro
📗https://t.me/emaktabuz
