Yigirma beshga kirmay korvet minayotgan treyderlar tasodifga aldangan yoki qallob ekanligini tushunib qolganding. Tushunib, keyin tashlagan eding.
Ertaga esa AI mutaxassisi bo’ling kelib qoladi. Matematikani o’rganmay, dasturlashni tushunmay, tilni chala bilgan holingda ham bo’lg’ing kelaveradi. Uni ham tashlab ketasan. Keyingi, osonroq sohasini qidirasan. Kitobni sotib olish bilan o’qishning farqi bor. Xuddi shuningdek, bir kasbda ketaman deyish bilan, o’sha kasbda ketishning farqi bor.
“O’qidim, charchadim, dam olishim kerak-ku” deysan. “Hayot faqat mehnatdan iborat emas-ku” deysan. Ekranga qarashing dam olish emas. Uning o’rniga yurib kelishing dam olish. Ko’rayotgan narsalaring seni hissiy charchatadi. Undan keyin esa cho’ntagingni bo’shatadi.
Vaqtingni olishayotgani uchun pul to’layapsan. Qiziqishlaringni belgilab minglab target e’lonlar yoqilgan. O’rdakni poylab turgan ovchiday ekranga qarashingni poylab turishibdi. “Foydali narsa ko’ryapman” deb o’ylagan eding. 50% ehtimol bilan reklama ko’rgan bo’lasan. Miyangni yaxshilab titkilab ko’r. Ichi to’la reklama. Fuzuliy va Farobiyni ajrata olmaysan, lekin mashina rusumlarining hammasi, kiyim logotiplari va marvel qahramonlarini ajrata olasan. Katta bo’lib, puling paydo bo’lganda, miyangni to’ldirgan reklama obyektlari bilan uyingni to’ldirishni boshlaysan. Bashorat qilmayapman. Shunchaki men ham o’smir bo’lganman. Ko’zlarimni katta ochib, kuzatib kelyapman.
Zarar bergan odamiga pul to’layotgan mazlumga o’xshaysan. Orqangga tepgan odamdan etik sotib olgansan go’yo. Uyingdan jihozlarni o’g’rilab ketishgan. Sen esa o’g’rilardan yostiq sotib olyapsan. Vaqt o’g’risi ham o’g’ri. Balki eng katta o’g’ri. Sen esa vaqtingni o’g’rilab senga reklama ko’rsatgandan narsa sotib olyapsan. Qidirgan narsangni emas, senga kerak narsani emas, seni topib kelgan narsani olyapsan.
Men aytayotgan gaplarni o’zing ham tushunib yetasan hali. 5-10 yillarda balki. Odamlar chala boshqaruvchidan ko’ra, ishining ustasi bo’lgan bog’bonni ko’proq hurmat qilishini ko’zlaring bilan ko’rasan. Galstukda yurib, oyma-oy qarz to’laydiganlar va qo’li qoraygan bo’lsa-da, mutaxassis bo’lgani uchun navbatsiz buyurtma olmaydiganlarni ko’rasan.
Bitta yo’lni, istalgan yo’lni tanlab, oxirigacha bormaganingdan afsuslanasan. Har shohdan shoga sakraganingda balandlik yo’qotganingni tushunasan.
Bu haqida ancha oldin aytib ketgandim, yana bir boy aytaman. Ustalik bu belgi. Bir yo’lni tanlab, o’sha yo’l uchun umr va pul tikib yuborilganining belgisi. Bu haqiqat ba’zi doiralarda ikki ming yildan beri ma’lum. O’zing qara:
“Biror ishda usta bo’lganni ko’rdingmi, axir? U podshohlar xizmatida, qora xalqning emas”.
Hazrati Naqshband ham shogird olar ekanlar, unga kasb o’rganishni shart qilar edilar. Kasbni ixlos bilan (demak, eng zo’r ko’rinishda) qilishni buyurar edilar.
Bilasanmi? O’ttizdan oshib ham men kichkina chiroyli pufakcha ichida yashayman.
Nima uchun pufakcha?
Chunki kuzatadiganlarimni tanlab chiqaman. Algoritmlarga ishonmayman.
Nima uchun kichkina?
Chunki u pufakchaning ichiga kirish qiyin.
Nima uchun chiroyli?
Chunki pufakchani ishimga moslayman.
Yozaman, yozuvchilarni kuzataman. Dars beraman, dars beruvchilarni kuzataman. Hayotimni maqtanmayman, maqtanganlardan uzoqlashaman.
Sen bahona qilishing mumkin. Men bu ekrandan nimadirlar o’rganyapman. Podkast ko’rdim. Bir aka hayoti haqida gapirib berdi. Motivatsiya oldim.
Tabriklayman. Yo’lingni topishing yanada qiyinlashdi.
O’rganish algoritm jo’natgan videolarni ko’rish orqali bo’lmaydi.
Bugun birinchi bobni o’qiysan.
Ertaga shuni takror qilib, ikkinchi bobga o’tasan.
O’rganish tartib va takror bilan bo’ladi. Yana yangi ma’lumotni ovlash bilan emas.
Sen esa saqlab qo’ygan kontentingga kovid paytidan beri kirmagansan.
Bu gapni faqat mening fikrim emas. Telefon tursin, hali gazeta bo’lmagan paytlar, ikki ming yil oldin faylasuf Seneka ham shuni aytgan:
Yosh va to’g’rini ajrata olmaydigan (o’smir) miya odamlardan uzoq tutilishi kerak. Ko’pchilikni kuzatish o’ta oson.