Balki shuning uchun ham undan tiyilgan, katta kamchiligini ustidan g’olib kelibdi. Qalblari og’ritish va umrni bekorga yoqishdan chekinibdi.
“Xo’p. Boshqalar hayotini bilib yashasam nima qilibdi?” deysan.
Boshqalar hayoti haqida ko’p bilish bepul emas. Diqqating ichiga boshqalar haqida ma’lumotlar kirib borar ekan, o’zingni hayoting uchun kamroq joy qoladi.
Kovushsiz etikdo’z bo’lib qolasan.
Maqolga tushurib beraymi?:
Dunyodan voqif. O’zidan bexabar. Voqibexabar.
Voqibexabarning hayoti qanday bo’ladi?
Falonchi bloger onasiga nima sovg’a qilganini biladi.
O’z onasining qayeri og’riyotganini bilmaydi.
Husanovning yoshligi haqida bir soat gapirib bera oladi.
O’zining kuchli taraflari haqida bir daqiqa fikr qila olmaydi.
B-sinfdagi Nozimaning kayfiyati bo’lmasa, nima qilishini biladi.
O’zining kayfiyatini nima boshqarishi bilmaydi.
Tanish holatmi?
O’zingni tanimagandan keyin, tabiiyki, birorta ishni ushlay olmaysan. Tabiatingga tushadigan kasblarni topa olmaysan.
Yo’nalishingni topa olmaysan. Qaysi ishlarni uzoq qila olishing, qaysi ishlarda miyang ishlamay qolishi haqida ma’lumotga ega bo’lmaysan.
Qaysi turdagi ishlarni tez bitirib, qaysilarini yordam bilan ham tugata olmasligingni bilmaysan.
Qiynalasan, qiyinchilik sohadan yoki sendan ekanligini bilmaysan. Boshqalarning ishiga qaraysan. Ular o’z ishlarining eng chiroyli joylarini bo’lishib kelyapti. Natijada ularni ko’rganing sari, boshqa sohalarga ishtahang oshib boradi. Bitta yo’nalishda qat’iy turib olishdan oldin, boshqasiga ko’z olaytirishni boshlaysan.
Restoranga kirib, ovqat buyurtma berib, shundan keyin ham menyuga qarab o’tirgan xo’randaga o’xshaysan. Rasmlarga qarayverganingdan keyin, kelgan ovqating ham yoqmay qoladi.
Hayot bu labirint. Yurganing sari to’g’ri va noto’g’ri yo’llar ko’rinadi. Yurganing sari ishlaydigan va ishlamaydigan usullar bilinib qoladi. Sen yurmayapsan. Boshqalar yurayotgani jarayonidan eng qiziq joylarini tomosha qilyapsan. Yursang ham, birinchi berk ko’cha (tupik)dan keyin boshqa labirintga o’tmoqchisan.
Shuning uchun ham na manzilingni bilmaysan. Na o’sha manzilga boradigan yo’lingni bilmaysan.
Bir fikrni qo’shib ketishga ruxsat ber. Tanlagan manzil xato bo’lib chiqishi mumkin. Yo’l tabiatingga mos kelmasligi mumkin. Bir sohaga qarab ketayotganingda boshqa sohadan betakror taklif kelib qolishi mumkin. Men bularni tushunaman. Rejalar o’zgarib turishi oddiy hol.
57 % bitiruvchilar o’z yo’nalishlarida ketishmaydi.
80 % odam sohasini o’zgartirish haqida o’ylab yuradi.
Yigirma yil oldingi kasblardan 30% kerak bo’lmay qoldi.
Hozirgi ishlarning 65 foizi yigirma yil oldin yo’q edi.
Ish bozori doim o’zgarib turadi. Shunga ko’ra rejalar ham.
O’sha rejalar o’zgarib turishi uchun, reja bor bo’lishi kerak. Qaysidur sohaga ketayotgan bo’lishing kerak.
Oshpazlikka bo’lsa ham.
Butun avlodingda oshpazlar yashab o’tmagan bo’lsa ham.
Nega?
Chunki istalgan sohada eng zo’ri bo’lish odamdan bir xil ko’nikmalarni talab qiladi.
Sabr, intizom, o’rganish, xatolardan xulosa olish.Oshpazlikda usta bo’lsang, kuchli marketolog bo’lishing ehtimoli ham ortadi.
1-2 foizga emas. Karrasiga.
Bundan tashqari bir sohani tanlab yura boshlar ekansan, o’zing haqingda tengsiz ma’lumotlarga ega bo’lasan.
Nega o’zing haqingdagi ma’lumotlarni tengsiz dedim?
Chunki, dunyo haqidagi ma’lumotlarni endi sun’iy intellekt Oloviddinning jini kabi osongina yetkazib keladi. Sen tushunadigan ko’rinishda, tilda, soddalikda olib keladi. O’zing haqingdagi ma’lumotlarni esa olib kela olmaydi. U sen haqingda bilmaydi. Chunki sen o’zing ham o’zing haqingda to’liq bilmaysan.
O’zing haqingda bilish uchun bitta yo’lni tanlab, umringni bag’ishlashing kerak edi. Sen esa boshqalar hayotiga chalg’ib yotibsan. Ingliz tilida sertifikat olmay, xitoy tilini boshlagan o’quvchiga o’xshaysan.
Shuning uchun bugun moliyachi bo’lging keladi. Chunki yaqinda moliyachi akaning BYD da kelganini ko’rganding.
O’zi kechagina treyder bo’laman deb yurgan eding.
