16 iyul kuni «Salomatlik va strategik rivojlanish instituti»da tibbiyot sohasining tajribali olimlari va institutning yosh mutaxassislari ishtirokida samimiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda endokrinologiya, tibbiyot statistikasi, raqamli tibbiyot, sogʻlom turmush tarzi, profilaktika va ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishida katta tajribaga ega ustozlar yoshlar bilan bilim va hayotiy tajribalarini baham koʻrdilar.
Uchrashuvda endokrinolog olima, tibbiyot fanlari doktori Nodira Alixanova, tibbiyot statistikasi sohasining fidoyisi Muhayyo Aripova, tibbiyotni raqamlashtirish boʻyicha noyob mutaxassis Munira Qoʻchqorova, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish boʻyicha boy tajribaga ega Sayyora Mullayeva, tamaki chekish va alkogol isteʼmoli kabi zararli odatlarga qarshi kurash bilan shugʻullanib kelayotgan tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat Shukurov, «Osteoporotik sinishlar ehtimolligini aniqlash uslubini ishlab chiqish» mavzusidagi ilmiy ish muallifi, fan nomzodi Munavvara Shakirova hamda tibbiyot statistikasi sohasida innovatsion gʻoyalarni hayotga tatbiq etish ustida faol ish olib borayotgan Rahimjon Sotvoldiyev ishtirok etdilar.
Suhbat davomida: yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash; ustoz–shogird anʼanalarini rivojlantirish; ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish; xalqaro grant va dasturlarda ishtirok etish imkoniyatlari; tibbiyotda innovatsiya va raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir «Yangi Oʻzbekistonni yoshlar quradi!» shiori asosida oʻtkazilayotgan «Payshanba – yoshlar kuni» loyihasi doirasida tashkil etildi.
Salomatlik va strategik rivojlanish instituti matbuot xizmati