Jamiyat uchun eng muhim ishlarni umuman sezmaymiz. Ularni o'ylamaymiz ham.
Masalan, elektr borligini, suv kelayotganini yoki ko‘cha tozalanganini deyarli o‘ylamaymiz. Biz ularning qiymatini odatda ular yo‘qolganda tushunamiz.
Tasavvur qiling obodonlashtirish xodimlari 10 kun shaharni tozalamasa, avtobus va metro haydovchilari 10 kun ishga chiqmasa yoki shifokorlar bemorlarni ko’rmasa. Manashu 10 kun ichida jamiyatda haqiqiy xaos boshlanadi.
Qiziq tomoni, shu vaqt ichida Instagramda kuzatadigan mashhur insonlaringizning aksariyati 10 kun, hatto bir oy ko‘rinmasa ham, kundalik hayotingizda deyarli hech narsa o‘zgarmaydi.
Bugun kimning obunachisi ko‘p bo‘lsa, kimning mashinasi qimmat bo‘lsa yoki kimni millionlab odamlar kuzatsa, ularni muhim insondek qabul qilamiz. U insonning jamiyatga qo'shayotgan hissasi qanday ekanligiga qaramaymiz ham.
Aslida jamiyatning haqiqiy poydevori ertalab ishga chiqadigan, kechqurun uyiga qaytadigan va ertasi kuni yana o‘sha ishni qiladigan odamlardan iborat.
Ular mashhur emas. Ular haqida videolar olinmaydi. Ularning ishiga millionlab like bosilmaydi. Lekin ular ishlashdan to‘xtasa, buni millionlab odamlar darhol sezadi.
Ba'zida ertalab 9 dan kechki 6 gacha bo'lgan ish grafikini kamsitib qo'yamiz. Inson erkin bo'lishi kerak. Ishga majburan bormasligi kerak deymiz. Kechirasiz lekin jamiyat bunaqa ishlamaydi. Jamiyatda hammaning vazifasi bor. U kattami kichikmi farqi yo'q. Vazifa egalariga nisbatan hurmatsizlik qilish ularga yuqoridan qarash noinsoflik bo'ladi.
Ba'zan insonning jamiyatdagi ahamiyatini uning qanchalik mashhurligi bilan emas, u yo‘q bo‘lganda nimalar to‘xtab qolishi bilan o‘lchash kerakdir deb o'ylab qolaman.
38
1.56K
1.56KAugust 1, 2026 51.6K 256