O‘rganilgan ojizlik
Aniq bilaman, sizning ham kamida bitta shunaqa tanishingiz bor: hech narsadan yaxshilik umid qilmaydigan, hamma narsada faqat tanish-bilish, korrupsiya va negativ ko‘radigan.
Ular o‘z-o‘zidan bunday bo‘lib qolmagan. Ular psixologiyada "O‘rganilgan ojizlik" deb ataladigan ruhiy tuzoqqa tushib qolgan.
Bu holat inson ketma-ket muvaffaqiyatsizlikka uchragach, "baribir hech narsa o‘zgarmaydi, harakat qilishdan ma’no yo‘q" degan fikrga kelishi va hatto imkoniyat paydo bo‘lganda ham harakat qilmay qo‘yishiga aytiladi.
Masalan, yillab og‘ir oilaviy sharoitda yoki bosim ostida yashagan inson, keyinchalik vaziyatni o‘zgartirish va mustaqil oyoqqa turish imkoniyati paydo bo‘lganda ham hech narsa qilmaydi. U o‘zidagi kuchga va resursga ishonmay qo‘ygan.
Yoki imtihondan o‘tish, ishga kirish uchun bilim o‘rniga shunchaki "tanish-bilish kerak" degan fikrga qattiq ishonadiganlar bor. O’zi yoki atrofidagilarning bir necha marta urinishlari o’xshamaganini ko‘rib, keyinchalik halol va ochiq tanlovlar paydo bo‘lganda undan foydalanmaydi. Chunki bunaqa insonlar "baribir hammasi hal qilib bo‘lingan" degan ojizlikka o’rganib qolgan.
Neyrobiologik bu tug‘ma fe’l-atvor emas, balki natijasiz muhit keltirib chiqargan oqibat. Har safar harakatingiz natijasiz ketganda, miyada sizni ruhlantiruvchi dopamin moddasi ajralishi pasayadi. Miya o‘zini ortiqcha ruhiy og‘riqdan saqlash uchun "baribir o‘xshamaydi, kuchingni sarflama" degan passiv himoya rejimini yoqib oladi.
Bu holatdan chiqish uchun katta inqiloblar qilish shart emas. Har kuni bajariladigan oson va natijasi 100% o‘zingizga bog‘liq bo‘lgan kichik vazifalar (muntazam tartib, 10 bet kitob o’qish, oddiy jismoniy mashq) bilan o’zingizga bo’lgan ishonchni tiklashingiz kerak.
Miyaga kichik g‘alabalarni berish va sog’lom muhitda bo’lish bu tuzoqdan to‘liq qutulishga yordam beradi.
20
872
872August 23, 2026 36.8K 292