Hech o'ylab ko'rganmisiz biz haqiqatan ham shunchalik ko'p… — Abdusattor — TG.ME

Hech o'ylab ko'rganmisiz biz haqiqatan ham shunchalik ko'p ishlayapmizmi yoki band bo'lib ko'rinishni xohlaymizmi?

21-asrda bandlik ijtimoiy status ramziga aylanib qolgan. Jamiyatda kim ko'p ishlasa va band bo’lsa o'sha muvaffaqiyatli degan yangicha stereotip bor.

Tarixga qaraydigan bo'lsak, muvaffaqiyat belgisi bo'sh vaqtning ko'pligi bo'lgan. Boylar va aristokratlar ishlamas, sayr qilar, kitob o'qir va san'at bilan shug'ullanardi. Ishlash quyi tabaqaga xos bo'lgan majburiyat hisoblangan.

Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, insonlar o'zlari ishlayotgan vaqtni oshirib ko'rsatishni yoqtiradi. Masalan, haftasiga 80 soat ishlayman deydigan insonlarning haqiqiy samarali ish vaqti o'lchanganda, u ko'pincha 50-55 soatdan oshmasligi aniqlangan.

Qolgan vaqt qayerga ketadi? Albatta o'zini band qilib ko'rsatishga. Amalda 5 daqiqada hal bo'ladigan masalani 1 soatga cho'zish va hakazo. Va bularning hammasi hayotga ortiqcha bosim beradi.

Buning yana bir sababi FOMO ya'ni nimadandir qolib ketish qo'rquvi. Ijtimoiy tarmoqlarni ochganimizda hamma nimadir qilyapti: kimdir yangi loyiha boshlagan, kimdir kitob yozgan, kimdir tunda ham ishlayapti. Buni ko'rib miyamizda "Men ortda qolyapman, sezilarli biror narsa qilishim kerak" degan sun'iy poyga hissi uyg'onadi.

Zamonaviy dunyo bizga "To'xtasang yutqazasan" degan g'oyani singdiryapti. Aslida 24/7 rejimida bosim bilan yurish oddiy holat emas. Haqiqiy hayot o'z vaqtiga, sog'ig'iga va hayot sifatiga egalik qilib yashalishi kerak.
11🏆1.07K
July 27, 2026 48.4K 389