Kobuldan kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonda harbiy-siyosiy vaziyat so‘nggi haftalarda sezilarli darajada keskinlashgan. Xususan, mamlakatning shimoli-sharqidagi Badaxshon viloyatida qurolli qarshilik harakatlarining faollashuvi, yangi guruhlarning paydo bo‘lishi va hujumlar geografiyasining kengayishi kuzatilmoqda.
Mazkur jarayon hozircha Kobuldagi Tolibon hokimiyatining yaqin istiqboldagi qulashi haqida gapirish uchun asos bermaydi. Biroq vaziyatdagi muhim o‘zgarish shundaki, muxolif kuchlarning bir qismi siyosiy muloqotdan voz kechib, qurolli qarshilikni kuchaytirmoqda.
Badaxshonning alohida ahamiyati uning geografik joylashuvi bilan bog‘liq. Tojikiston, Xitoy va Pokiston bilan chegaradosh, tog‘li va nazorat qilish qiyin hudud markaziy hokimiyat uchun doimiy xavfsizlik muammosini yuzaga keltiradi. Bunday sharoit partizanlik harakatlari, yashirin logistika va noqonuniy transchegaraviy faoliyat uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Biroq masalaning ildizi faqat geografiyada emas. Badaxshonda mahalliy tojik aholi va shia jamoasining markaz tomonidan tayinlangan, asosan pushtun kelib chiqishiga ega amaldorlar bilan munosabatlarida tobora ko‘proq ziddiyatlar kuzatilmoqda. Mahalliy kadrlarning hokimiyat tizimidan siqib chiqarilishi ayrim hududlarda norozilik kayfiyatini kuchaytirmoqda. Hatto Tolibon safidagi ayrim tojik qo‘mondonlarining markaziy buyruqlarga bo‘ysunishni istamasligi ham Kobul uchun ichki boshqaruv muammosining chuqurlashayotganini ko‘rsatadi.
Ijtimoiy-iqtisodiy omillar ham vaziyatni murakkablashtirmoqda. Ko‘knori yetishtirishga qo‘yilgan cheklovlar qishloq xo‘jaligiga bog‘liq hududlarda daromad manbalarini qisqartirgan. Shu bilan birga, oltin va lazurit konlarini nazorat qilish masalasi mahalliy aholi bilan markaziy tuzilmalar o‘rtasidagi ziddiyatlarni kuchaytirmoqda. Demak, qurolli qarshilik faqat siyosiy masala emas, balki resurslar, mahalliy boshqaruv va iqtisodiy manfaatlar bilan ham bevosita bog‘lanmoqda.
2026 yil iyul–avgust oylarida yuz bergan voqealar vaziyatning yangi bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatdi. 17-iyul kuni “Sipahiyon-e Mihan” guruhi Yaftal-e-Payin hududida qisqa muddatli hujum uyushtirdi. 22–24 iyul kunlari esa “Afg‘oniston ozodlik fronti” Badaxshonning Zebak tumanida Tolibon kuchlari bilan bir necha kun davom etgan janglarga kirishdi. 28 iyul kuni Fayzobod-Bahorak yo‘lida mahalliy axborot va madaniyat boshqarmasi rahbari o‘ldirildi; hujum uchun Islomiy davlat - Xuroson guruhi javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Avgust oyida esa sobiq general Sami Sadat boshchiligidagi “Afg‘oniston birlashgan fronti” mamlakatning janubiy va shimoliy hududlarini qamrab oluvchi “Muharib” operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Shu bilan birga, muxolifatning eng katta zaifligi uning parokandaligicha qolmoqda. Ahmad Masud boshchiligidagi “Milliy qarshilik fronti”, “Afg‘oniston ozodlik fronti”, “Afg‘oniston birlashgan fronti” hamda xorijdagi Milliy qarshilik oliy kengashi o‘rtasida yagona harbiy qo‘mondonlik, umumiy siyosiy dastur va barqaror ta’minot tizimi mavjud emas. “Islomiy davlat – Xuroson” esa o‘zining radikal mafkurasi sabab boshqa muxolif kuchlardan mustaqil harakat qilmoqda.
Shu sababli yaqin istiqbolda Kobuldagi hokimiyatni harbiy yo‘l bilan ag‘darish ehtimoli yuqori emas. Tolibon hali ham son jihatidan ustun kuchlar, og‘ir qurollar va davlat apparatini nazorat qilish imkoniyatiga ega.
Ammo strategik xavf boshqa joyda. Badaxshonning uzoq muddatli beqarorlik zonasiga aylanishi Kobulni muntazam ravishda qo‘shimcha harbiy kuchlarni shimoli-sharqqa yo‘naltirishga majbur qilishi mumkin. Bu esa mamlakatning boshqa hududlaridagi nazoratni zaiflashtirib, Tolibon uchun resurslarni bir nechta front o‘rtasida taqsimlash muammosini kuchaytiradi.
Eng muhim jihat shundaki, Badaxshondagi vaziyat endilikda faqat Afg‘onistonning ichki xavfsizlik masalasi sifatida qaralmasligi kerak. Tojikiston, Xitoy va Pokiston bilan chegaradosh hududda qurolli guruhlarning faollashuvi transchegaraviy qurol-yarog‘ savdosi, noqonuniy logistika, ekstremistik tarmoqlarning kengayishi va chegaraga yaqin hududlarda xavfsizlik insidentlari xavfini oshiradi.
Shunday qilib, Afg‘onistondagi asosiy tendensiya hozircha hokimiyatning almashinuvi emas, balki uzoq davom etishi mumkin bo‘lgan ko‘p markazli beqarorlikning shakllanishidir. Badaxshon esa ushbu jarayonning eng muhim strategik tugunlaridan biriga aylanmoqda.
Strategic Focus: Central Asia
4
4
3August 27, 2026 11.1K 11