Kobuldan kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonning ayrim shimoliy va g‘arbiy viloyatlarida muxolif qurolli guruhlarning faolligi oshib bormoqda. Eng keskin o‘sish Badaxshonda kuzatilmoqda. 2026-yil yanvar-iyul oylarida viloyatda qurolli to‘qnashuvlarning 22 ta holati qayd etilgan. Taqqoslasak, 2025-yil iyun-dekabr oylarida bunday hodisalar soni atigi 4 ta bo‘lgan.
Mutaxassislar fikricha, bu o‘sishni faqat bitta mahalliy mojaro bilan izohlash noto‘g‘ri. Badaxshonda Tolibonning markazlashtirish siyosati, mahalliy qo‘mondonlarning manfaatlari, oltin konlari ustidan nazorat va aholining iqtisodiy noroziligi bir-birini kuchaytirmoqda.
Shu bilan birga, qurolli faollikning o‘sishi faqat Badaxshon bilan cheklanmayapti. Masalan, Hirotda to‘qnashuvlar soni 5 tadan 14 taga, Bag‘lon va Panjsherda esa mos ravishda 6 tadan 7 taga va 4 tadan 5 taga oshgan. Balxda ham bunday hodisalar 1 tadan 3 taga ko‘paygan.
Biroq Kobuldan kelayotgan ma’lumotlarda yana bir muhim tendensiya ko‘zga tashlanadi: vaziyat barcha hududlarda bir xil rivojlanmayapti. Qunduzda qurolli to‘qnashuvlar 23 tadan 16 taga, Toxarda esa 11 tadan atigi 2 taga kamaygan. Demak, hozircha Afg‘oniston shimolida yagona, markazlashgan muxolifat harakati shakllangani haqida gapirish qiyin.
Ekspertlar fikricha, hozirgi vaziyatni Tolibonga qarshi keng ko‘lamli qo‘zg‘olon sifatida emas, balki turli hududlarda alohida sabablarga ko‘ra yuzaga kelayotgan mahalliy qurolli qarama-qarshiliklar yig‘indisi sifatida baholash to‘g‘riroq. Biroq ularning bir vaqtda kuchayishi markaziy hokimiyat uchun xavfsizlik bosimini oshirmoqda.
Badaxshonda Juma Xon Fateh guruhining Tolibon bilan qarama-qarshiligi bunga yaqqol misol bo‘ldi. Fatehning 17-avgust kuni taslim bo‘lishi bevosita mojaroning keskinligini pasaytirgan bo‘lsa-da, hududdagi boshqa qurolli guruhlar faoliyati saqlanib qolmoqda.
Yana bir xavf - mahalliy beqarorlikdan “IShID - Xuroson” kabi radikal guruhlarning foydalanish ehtimoli. Badaxshon va Hirotdagi xavfsizlik bo‘shliqlari ularga yangi yashirin boʻlinmalarni yaratish yoki alohida hujumlar uyushtirish uchun imkoniyat berishi mumkin.
Shu sababli, Kobuldagi vaziyat bo‘yicha asosiy prognoz shundan iboratki, yaqin istiqbolda Afg‘oniston shimolida yirik front shakllanishidan ko‘ra, lokal to‘qnashuvlar davom etishi ehtimoli yuqori. Biroq markaziy hokimiyatning mahalliy qo‘mondonlarga nisbatan bosimi kuchayishi, iqtisodiy manfaatlarning cheklanishi yoki tashqi kuchlarning muxolif guruhlarni qo‘llab-quvvatlashi vaziyatni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin. Eng katta xavf esa mahalliy beqarorlikning asta-sekin transchegaraviy muammoga aylanishidir.
Strategic Focus: Central Asia
3
2
2August 30, 2026 5.8K 8