Xitoy diplomatiyasida siyosiy iyerarxiya va mansab darajasiga alohida e’tibor qaratiladi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi Doimiy qo‘mitasi a’zosi va Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi bilan uchrashuvi alohida e’tiborga loyiq. Chjao Letszi Xitoy siyosiy tizimidagi eng yuqori rahbariyatning 7 nafar doimiy a’zosidan biri bo‘lib, mamlakat siyosiy iyerarxiyasida Si Szinpin va Li Syandan keyingi yuqori pog‘onada turadi. Shu sababli Pekindagi bunday darajadagi muzokara keng siyosiy mazmunga ega.
Ayniqsa, Chjao Letszining O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari bilan muzokara o‘tkazgani Pekinning Saida Mirziyoyevaga bo‘lgan siyosiy e’tibori va uning O‘zbekiston davlat boshqaruvidagi roliga berayotgan ahamiyatini ko‘rsatuvchi diplomatik signal sifatida baholanishi mumkin. Buni, albatta, kelajakdagi siyosiy tayinlovlar yoki ichki siyosiy jarayonlarga oid aniq prognoz sifatida emas, balki uning amaldagi siyosiy salmog‘i va xalqaro aloqalardagi roliga berilayotgan e’tibor sifatida talqin qilish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Bundan tashqari, Saida Mirziyoyevaning Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, XKP MQ Tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi devoni rahbari va Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashuvi ham alohida ahamiyat kasb etadi. Van I Xitoyning tashqi siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda markaziy o‘rin tutuvchi siyosiy arboblardan biri hisoblanadi.
Van I bilan suhbatda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, madaniy aloqalar, shuningdek, global va mintaqaviy masalalar bo‘yicha umumiy qarashlarni shakllantirish masalalarining muhokama qilingani ham e’tiborlidir. Bu jihat Saida Mirziyoyevaning xalqaro faoliyatida iqtisodiy yoki ijtimoiy yo‘nalishlar bilan bir qatorda, davlatlararo siyosiy muloqot va strategik masalalar tobora muhimroq o‘rin egallayotganini ko‘rsatadi.
Xususan, avval uning faoliyati asosan madaniyat, ta’lim, xotin-qizlar huquqlari va media kabi “yumshoq kuch” yo‘nalishlari bilan bog‘langan bo‘lsa, bugungi muzokaralar transport, iqtisodiyot, investitsiya va davlatlararo hamkorlik kabi strategik masalalar ham uning faoliyat doirasidan tobora kengroq o‘rin olayotganini ko‘rsatmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Pekindagi Chjao Letszi va Van I kabi Xitoy siyosiy tizimining yuqori darajadagi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarni Saida Mirziyoyevaning xalqaro siyosiy faoliyatida yangi bosqich shakllanayotganini ko‘rsatuvchi muhim diplomatik signallar sifatida baholash mumkin. Bu uchrashuvlarning ketma-ketligi, ishtirokchilarning siyosiy maqomi va muhokama qilingan masalalar ko‘lami uning O‘zbekiston siyosiy arxitekturasidagi roli bilan bir qatorda, xalqaro aloqalardagi subyekt sifatidagi faolligi ham kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Strategic Focus: Central Asia
24
21
11
11
1
1August 27, 2026 29.1K 1 8

