Motor, Premotor va Qo'shimcha Motor Korteks va Harakatning Serebral Nazorati
Bosh miya korteksining motor sohasi fiziologik jihatdan minimal intensivlikdagi elektr stimulyatsiya orqali izolyatsiyalangan harakatlarni chaqirish mumkin bo'lgan hudud sifatida ta'riflanadi.
Motor gomunkulus
Kontralateral yuz, qo'l, tana va oyoq mushak guruhlari birlamchi motor korteksda (3-3 rasmdagi 4-maydon) tasvirlangan bo'lib, yuzning tasviri bosh miya yarim shari lateral yuzasidagi pretsentral pushta (gyrus praecentralis)ning eng pastki qismida, oyoqniki esa bosh miya yarim sharining medial yuzasidagi paratsentral bo'lakchada (lobulus paracentralis) joylashgan. Tananing eng nozik harakatlarga qodir qismlari korteksda eng katta vakillikka ega, buni Uilder Penfild birinchi bo'lib taklif qilgan "motor gomunkulus" ("kichkina odam") atamasi bilan ifodalangan (3-4-rasm) ko'rish mumkin.
6α maydoni, ya'ni premotor soha, ham elektr stimulyatsiya bilan harakatlarni chaqira oladi, ammo bunda bo'sag'a (threshold) 4-maydonga qaraganda ancha yuqori. Premotor sohaning kaudal qismini stimulyatsiya qilish 4-maydondan olinadigan javoblarga o'xshash javoblarni beradi, biroq bu javoblar, ehtimol, impulslarning to'g'ridan-to'g'ri 4-maydonga uzatilishi natijasida yuzaga keladi (chunki 4-maydon olib tashlangandan (ablatsiyadan) keyin bu javoblarni olib bo'lmaydi). Premotor sohaning rostral qismini stimulyatsiya qilish esa asosan proksimal oyoq-qo'l mushaklarining umumiyroq harakat patternlarini chaqiradi, bu 4-maydondan farqli boshqa yo'llar orqali amalga oshadi. Umuman olganda, motor-premotor korteks agonist harakatlarni cheksiz xilma-xil, nozik darajalashgan, yuqori darajada differensiallashgan patternlarga sintez qiladi.
Qo'shimcha motor soha (area supplementaria motoria) — bu 6-maydonning peshona bo'lagi (lobus frontalis) medial yuzasidagi eng oldingi qismi . Ushbu sohani stimulyatsiya qilish keng qamrovli ipsilateral yoki kontralateral harakatlarni, oyoq-qo'llarning ikki tomonlama tonik kontraktsiyalarini, kontralateral qo'lning tonik kontraktsiyasi bilan birga bosh va ko'zlarning kontraversiv harakatlarini, ba'zan esa ixtiyoriy motor faollikning inhibitsiyasi va nutqning to'xtab qolishini (vokal arrest) chaqirishi mumkin.
Motor korteks harakatlarni aniq qanday nazorat qilishi hali murakkab masala bo'lib qolmoqda. An'anaviy nuqtai nazar, Xyuling Jekson va Sherringtonning talqinlariga asoslanib, keyinchalik Denni-Braun tomonidan rivojlantirilgan bo'lib, unga ko'ra motor korteks alohida mushaklar emas, balki harakatlar, ya'ni mushak guruhlarining muvofiqlashtirilgan kontraktsiyasi asosida tashkil topgan. Jekson bosh miya korteksida mushak guruhlarining keng darajada bir-biriga ustma-ust tushadigan vakilligini tasavvur qilgan edi, bu uning bemor korteks stimulyatsiyasi orqali aniqlangan nazorat sohasiga zarar yetganidan keyin ham oyoq-qo'lidan foydalanishni tiklay olishi kuzatuvi asosida edi. Bu qarash Sherringtonning kuzatuvlari bilan ham tasdiqlangan: korteks yuzasini stimulyatsiya qilish yolg'iz mushaklarni emas, balki mushaklar kombinatsiyasini, doimo o'zaro (retsiprok) tarzda, ya'ni agonist va antagonistlar o'rtasidagi kutilgan munosabatni saqlagan holda faollashtirar edi. U, shuningdek, stimulyatsiya effektlarining beqarorligini ham qayd etgan; ma'lum bir korteks nuqtasini stimulyatsiya qilish bir marta biror qismning fleksiyasini chaqirsa, boshqa safar ekstenziyani chaqirishi mumkin edi.
NeuronUzb
3
1August 25, 2026 456 1