Hurmatli Mirishkor tumani aholisi!
Bugungi kunda fuqarolarning mol-mulkini, huquq va manfaatlarini himoya qilish, firibgarlik va kiberjinoyatlarning oldini olish ichki ishlar organlarining eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Afsuski, so‘nggi vaqtlarda fuqarolarning ishonuvchanligidan foydalanib, ularni turli aldov va va’dalar bilan chalg‘itish orqali moddiy manfaat ko‘rishga urinayotgan shaxslar uchrab turibdi.
Joriy yilning 8 oyi davomida Mirishkor tumani IIBga firibgarlik va oldi-berdi masalalari yuzasidan 1 183 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 655 tasi ijobiy hal etilib, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarning o‘rni qoplangan, 78 ta murojaat tegishli davlat organlariga yuborilgan. Qolgan murojaatlar yuzasidan fuqarolarga, xususan, moddiy zararlarni fuqarolik tartibida undirish bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Shuningdek, tuman hududida 8 oy davomida firibgarlik bilan bog‘liq 21 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilgan va tegishli sudlarga yuborilgan.
Firibgarlik — o‘zganing mol-mulkini yoki unga bo‘lgan huquqni aldash yoxud ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritishdan iborat jinoyatdir. Eng achinarlisi, bunday holatlarning aksariyatida fuqarolar jinoyatchining yolg‘on va’dalari, ishonchli ko‘rinishi yoki og‘zaki kelishuvlariga ishonib qolmoqda.
Hurmatli yurtdoshlar!
Sizlardan, avvalo, har qanday mulkiy munosabatlarda shoshilmaslikni va hujjatlarni qonuniy tartibda rasmiylashtirishni so‘rayman.
Qarz berish, avtomashina, ko‘chmas mulk yoki chorva mollari oldi-sotdisi kabi masalalarda og‘zaki kelishuv bilan cheklanib qolmang. Imkon qadar bitimlarni notarius orqali qonuniy ravishda rasmiylashtiring.
Notarius bitimning qonuniyligini tekshiradi, taraflarning shaxsini aniqlaydi, hujjatlarni o‘rganadi hamda bitimning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi. Bu esa keyinchalik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolar va firibgarlik holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
“Keyin katta foyda bilan qaytaraman”, “juda zarur, tezda pul bering”, “hech qanday muammo bo‘lmaydi” kabi va’dalarga ishonib, shoshilinch qaror qabul qilmang.
Qarz berish zarurati tug‘ilsa, qarz miqdori, uni qaytarish muddati va taraflarning majburiyatlarini yozma ravishda rasmiylashtiring. Bu kelgusida o‘z huquqlaringizni himoya qilishingiz uchun muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa, tumanimizda yirik va mayda shoxli mollarni qarzga berish yoki oldi-sotdisi bilan bog‘liq holatlarda fuqarolarning aldanib qolishi kuzatilmoqda. Shu sababli chorva mollari oldi-sotdisida molning egasini aniqlash, tegishli hujjatlarni tekshirish, hisob-kitobni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish va eng muhimi — shoshilmaslik lozim.
Kiberfiribgarlardan ham ogoh bo‘ling!
Bugungi kunda raqamli texnologiyalar hayotimizni ancha yengillashtirmoqda. Biroq internet va axborot texnologiyalaridan noqonuniy maqsadlarda foydalanayotgan shaxslar ham ko‘paymoqda.
Joriy yilning 8 oyida Mirishkor tumanida axborot texnologiyalari sohasidagi 86 ta jinoyat qayd etilgan. Ularning 40 tasi firibgarlik, 44 tasi o‘g‘rilik bilan bog‘liq bo‘lsa, 1 tasi shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilish bilan bog‘liq jinoyatni tashkil etadi.
Shu sababli har bir fuqaro kiberxavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishi zarur.
• murakkab va noyob parollardan foydalaning;
• parollaringizni begona shaxslarga bermang;
• telefon va kompyuterdagi dasturlarni muntazam yangilab boring;
• noma’lum manbalardan yuborilgan havola va fayllarni ochmang;
• bank karta raqami, SMS-kod, parol va boshqa maxfiy ma’lumotlarni hech kimga bermang;
• ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlaringizni ortiqcha oshkor qilmang;
• internet orqali moliyaviy operatsiyalarni faqat ishonchli va himoyalangan platformalarda amalga oshiring.
Sizning xavfsizligingiz, huquq va manfaatlaringizni himoya qilish — bizning asosiy vazifamiz!
Mirishkor tumani IIB boshlig‘i
G‘ayrat Xaydarov


