Bilsangiz, 1-aprel Yaponiyadagi barcha tashkilotlarda yangi kalendar yili boshlanish kuni. Katta o’g’lim ham bog’chasida bugundan oxirgi yil, bitiruvchi guruhga o’tdi.
Kecha ota-o’g’il gaplashib o’tirib, liderlik haqida o’rgatdim. Yilning o’rtasida tug’ilgani uchun, yapon o’quv sistemasiga ko’ra o’zidan deyarli 1 yosh kichiklar bilan bir guruhda yuradi. Bu haqida 1-marta tushuntirish berib, aytdimki, ertadan bog’chadagi eng katta bola siz bo’lasiz. Shuning uchun ustozlaringizga yordamchi bo’ling, kichiklarga bilmaganini o’rgatib liderlik qiling.
O’g’lim: lider nima degani?
Men: lider bu guruhdagi eng aqlli, hamma narsani biladigan va tadbirlarda guruh nomidan chiqib gapiradigan odam.
Bugun o’g’limni olgani bog’chasiga borsam, ustozi hayratlanib (yarim kulimsirab) shunaqa deyapti: Ertalabdan beri menga yordam beryapti, kichik guruhdagilarga shovqin qilsa tanbeh berib qo’yyapti, tushlikdan keyin men bilan birgalikda stollarni artib qo’yyapti. Nega unaqa qilyapsan deb so’rasam, chunki men bugundan liderman deydi😁
Xullas, meni doim xayratga soladigan narsa shuki muhim soft skillar hali uni nimaligini bilmasdan turib shakllantirilsa, insondagi ajralmas xatti-harakatga aylanib boradi. Agar o’g’limga yuqoridagi gapni 15 yoshligida aytgan bo’lganimda, katta ehtimol bilan liderlik qobilyatini sinab ko’rishi uchun biroz vaqt kerak bo’lgan bo’lardi.
Qancha erta boshlasangiz, shuncha tezroq ko’nikasiz!


