Malayziyaning Sulton Idris ta’lim universiteti vakillarining… — O'zDJTU | UzSWLU | УзГУМЯ — TG.ME

Malayziyaning Sulton Idris ta’lim universiteti vakillarining O‘zDJTUga tashrifi

8-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Malayziyaning Sulton Idris ta’lim universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Malayziya tomonidan professor, doktor Raja Nor Safinas binti Raja Harun — Akademik va xalqaro masalalar bo‘yicha prorektor hamda dotsent, doktor Norliza Jamaluddin — Akademik va xalqaro masalalar bo‘yicha dekan o‘rinbosari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan rektor I. Tuxtasinov, O‘zDJTU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish tarmoq markazi direktori J. Abduganiyeva, Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, 3-ingliz tili fakulteti dekani I. Haydarov, 2-chet tillar kafedrasi mudiri E. Muydinova hamda malay tili o‘qituvchisi A. Yuldashev ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar ta’lim va ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Xususan, malayziyalik talabalarning O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida amaliyot o‘tashini tashkil etish, o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish va pedagoglar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil qilish bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, tomonlar hamkorlikda xalqaro konferensiya va seminar-treninglarni onlayn hamda oflayn shaklda tashkil etish, yuqori impakt-faktorli va xalqaro indeksatsiyalangan ilmiy jurnallarda hammualliflikda ilmiy maqolalar chop etish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va talabalar uchun grantlar ajratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish talabalarning xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, akademik mobilligini oshirish hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash va belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

🌐 Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Sayt
❤11👍4🎉2
September 8, 2026 3.6K 12