Navoiyda ijtimoiy soha obyektlarining ochilishi boʻlib oʻtdi
Navoiy viloyatining Navbahor tumanida mahallalaring qiyofasini yangilash, aholi uchun yangi ijtimoiy soha obyektlarini foydalanishga topshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tumandagi “Navbahor” mahallasidagi 8-umumiy oʻrta taʼlim maktabida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida keng koʻlamli qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Loyiha doirasida “Muzaffar Shaxribonu poydevori” MCHJ tomonidan 3 mlrd 400 mln soʻm mablagʻ evaziga maktab uchun 240 oʻrinli qoʻshimcha bino barpo etildi. Shuningdek, mavjud maktab binosida joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, oʻquvchilar va pedagoglar uchun yanada qulay sharoitlar yaratildi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida Navbahor tumani “Yangi yoʻl” mahallasida uzoq yillar davomida aholiga xizmat koʻrsatib kelgan eski tibbiyot muassasasi zamonaviy talablar asosida qayta qurilib, yangicha qiyofa kasb etdi.
Yangi oilaviy shifokorlik punkti bir smenada 50 qatnovga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan. Endilikda mahalla aholisi oʻz hududining oʻzida tibbiy koʻrikdan oʻtish, shifokor maslahatini olish va zarur birlamchi tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.