Buxoro tumanida yana ikki zamonaviy bog‘cha foydalanishga topshirildi
Buxoro tumanida maktabgacha taʻlim sohasidagi infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Buxoro tumanidagi “Rabotak” va “Yangi turmush” mahallalarida davlat maktabgacha taʻlim tashkilotlari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Rabotak MFYda 180 nafar bolaga moʻljallangan 20-sonli, Yangi turmush mahallasida esa 150 oʻrinli 5-sonli davlat maktabgacha taʻlim tashkiloti zamonaviy talablar asosida taʻmirlandi. Muassasalarda bolalarning taʻlim-tarbiya olishi va boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, yorugʻ va shinam mashgʻulot hamda oʻyin xonalari, yotoqxona va oshxona, sport maydonchasi, yozgi ayvon barpo etildi. Sanitariya va isitish tizimlari tartibga keltirilib, muassasalar zarur inventarlar bilan jihozlandi.
Yangi va yangilangan bogʻchalarning ishga tushirilishi mahallada yashovchi oilalar, ayniqsa, yosh ota-onalar uchun qulaylik yaratib, maktabgacha yoshdagi bolalarning sifatli taʻlim-tarbiya olishi uchun imkoniyatlarni kengaytirmoqda.